O‘zA O`zbek

07.09.2018 19:57 Chop etish versiyasi

Samarqandda ham Vebster universiteti magistraturasi ochiladi

Samarqandda ham Vebster universiteti magistraturasi ochiladi Samarqand davlat chet tillar institutida AQSHning Vebster universiteti vitse-prezidenti Piter Maxer boshchiligidagi olimlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Vebster universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida kadrlar tayyorlash boʻyicha joriy yilda muhim kelishuvlarga erishildi. May oyida Vebster universiteti vakillari Samarqandga kelib, institut faoliyati bilan tanishdi. Iyul oyi oxirida esa samarqandlik olimlar Amerikada boʻldi.

– Bu bizning Samarqandga ikkinchi tashrifimiz, –deydi Vebster universiteti chet tili fakulteti dekani Dje Kayzer. – Bugungi muzokaralar davomida Toshkentda boʻlgani kabi 2019 yilda Samarqand davlat chet tillar institutida “Ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish” akademik dasturi boʻyicha bir yillik magistratura kurslarini tashkil qilishga kelishib oldik.

Amerikalik olimlar Samarqand davlat chet tillar instituti oʻqituvchilari uchun seminar-trening oʻtkazib, ingliz tilini oʻqitish boʻyicha tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, kelgusida Vebster universiteti talabalari uchun Samarqandda qisqa muddatli “Oʻzbek tili va madaniyati” oʻquv kurslarini tashkil qilish, amerikalik professor-oʻqituvchilarni Samarqand davlat chet tillar instituti oʻquv jarayoniga jalb etishga kelishib olindi.

Gʻolib Hasanov, OʻzA
2 693