O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Samarqandda eng yaxshi ijodkorlar taqdirlandi

Samarqandda eng yaxshi ijodkorlar taqdirlandi

Samarqandda “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati tashkil etilgan bu yilgi tanlovda “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan bosh gʻoya asosida badiiy va tasviriy sanʼat asarlari yaratgan, mamlakatimizdagi islohotlar jarayonlarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritgan faol yozuvchi va shoirlar, rassom va dizaynerlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Tanlovga taqdim etilgan 300 ga yaqin ijodiy ishlar hakamlar hayʼati tomonidan koʻrib chiqilib, olti yoʻnalish boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi.

– Bugungi shiddatli zamonda jonajon Vatanimizda roʻy berayotgan yangilanish va oʻzgarishlar jarayonlari, shahar va qishloqlarimizdagi bunyodkorlik ishlarini keng yoritish har bir jurnalistdan alohida masʼuliyat talab qiladi, – deydi bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishi nominatsiyasi gʻolibi, Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasi muxbiri A.Hayitov. – Boz ustiga hayotimizda internetning oʻrni ortib, aholiga axborot tarqatishning tezkor va qulay usullari keng ommalashayotgan paytda gazetalarimizda xabar berish bilan cheklanmay, tanqidiy-tahliliy materiallar chop etish, shu orqali jamoatchilik fikrini shakllantirishga eʼtibor kuchaymoqda. Ana shu talablardan kelib chiqib, tayyorlangan materiallarim eʼtirof etilib, tom maʼnoda eng ulugʻ, eng aziz tanlovi gʻolibi boʻlganimdan xursandman.

Tanlov gʻoliblariga tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

1 892
Gʻ.HASANOV, OʻzA