Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 17:20 Chop etish versiyasi

Samarqandda “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda 16 tuman va shahardan kelgan namunali oilalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani, yurtimizda oilalarni mustahkamlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Xalqimizda oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi degan gap bor, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova. – Bu bejiz emas, albatta. Chunki, oiladagi sog‘lom ijtimoiy-ma’naviyat muhit kamolga yetayotgan yoshlar ta’lim-tarbiyasi, tafakkur va dunyoqarashi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi, jamiyatning buguni va ertangi kunini belgilaydi. Shu bois mamlakatimizda yoshlarni oilaga tayyorlash, oilani muqaddas qadriyat sifatida asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun joylarda o‘tkazilayotgan xalq bilan muloqot jarayonlarida ham oila bilan bog‘liq qadriyatlar ustuvor ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ishtirokchilar o‘z oilalaridagi muhit, ota-ona va farzandlar munosabati, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaqinlik, ta’lim muassasalari bilan hamkorlik va kitobxonlik madaniyati haqida ma’lumot berdi. Oila a’zolarining tadbirkorlik, tomorqadan samarali foydalanish borasidagi tajribalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” mavzusidagi videorolik va slaydlar namoyish etildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridan G‘ulomsher Rajabov oilasi eng namunali, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Ikkinchi o‘rinni qo‘shrabotlik Aripovlar, uchinchi o‘rinni Samarqand tumanidan Ne’matovlar oilasi egalladi.

Shuningdek, “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila”, “Mehribon qaynona”, “Orasta oila”, “Saxovatli oila”, “Ibratli kelin” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 744






Все о погоде - Pogoda.uz