O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Samarqandda 64 ta maktabda yarmarka tashkil etildi

Samarqandda 64 ta maktabda yarmarka tashkil etildi

Yangi o‘quv yili arafasida Samarqand viloyatidagi savdo majmualari, bozorlar va ta’lim muassasalarida o‘quv qurollari va o‘quvchilar kiyim-kechaklarining arzonlashtirilgan yarmarkasi ish boshladi.

– Viloyatimizdagi bozorlar va savdo majmualaridan tashqari 64 ta umumta’lim maktabida maktab yarmarkalari tashkil etildi, – deydi Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Fayrat Boboxolov. – Ushbu maskanlarda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar 27 turdagi arzonlashtirilgan mahsulotlar bilan ta’minlangan. Hudud aholisi, o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, kerakli miqdorda mahsulot keltirib sotilmoqda.

photo5393152642626202433.jpg

O‘quv qurollari va kiyimlarning to‘liq bo‘lishi hamda narxlarning oshib ketmasligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Shuningdek, o‘quv qurollarining ko‘rinishi, sanitariya-gigiena me’yorlariga mos bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlab chiqaruvchisi aniq bo‘lmagan, tegishli sertifikati yo‘q mahsulotlar savdoga chiqarilmayapti. Yarmarkalar joriy yilning 10 sentabriga qadar davom etadi.

photo5393152642626202434.jpg

Samarqand shahridagi 69-umumta’lim maktabidagi maktab yarmarkasidan ham ota-onalar farzandlari bilan o‘zlariga kerak mahsulotlarni xarid qilmoqda. Maktab direktori Kamola Tursunovaning aytishicha, “Samarqand kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy majmuasi bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘quvchilar uchun zarur mahsulotlar muassasaga keltirilib, 10-15 foiz arzon narxda sotilmoqda.

photo5393152642626202435.jpg

Shaharning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida tashkil etilgan maktab yarmarkasi ham xaridorlar bilan gavjum.

photo5395437887350221753.jpg

– 2001 yildan buyon yangi o‘quv yili oldidan shu yerda maktab yarmarkasi tashkil qilamiz, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor Ilhom Xushvaqtov. – Imkon qadar o‘quv qurollarini arzon narxda va o‘zimizning milliy mahsulotlarni sotishga harakat qilyapmiz.

1 762
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA