Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.06.2018 15:35 Chop etish versiyasi

Samarqandda 52 xonadon ehtiyojmandlarga bepul berildi

Valeriya Demyanenko Samarqand shahridagi 11-mehribonlik uyida tarbiyalangan. So‘ngra Samarqand san’at kollejida o‘qishni davom ettirgach, ushbu muassasa yotoqxonasida yashagan. Ayni paytda Toshkent shahridagi Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil oladi. Lekin hozirgacha o‘z uy-joyiga ega emas edi.

Muborak Ramazon oyi davom etayotgan qutlug‘ kunlarda Valeriyaning orzusi amalga oshdi. Samarqand shahridagi uy-joyga ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan 51 kishiga topshirilgan ko‘p qavatli xonadonlardan biri unga berildi.

Samarqand transport va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan bo‘sh turgan 3 qavatli binosi joriy yilda 2 milliard 160 million so‘m mablag‘ evaziga 52 ta bir va ikki xonali uylarga moslashtirilib, rekonstruksiya qilindi. Barcha xonalar mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, binoning birinchi qavatida ma’naviyat va tibbiyot xonalari hamda ushbu uyda yashovchilar bandligini ta’minlash maqsadida tikuv sexi tashkil etildi. Bu yerda Samarqand shahridagi “Bofanda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 8 ta tikuv mashinasi o‘rnatildi.

– Bugun mening hayotimdagi eng unutilmas kun, – deydi Valeriya Demyanenko. – Davlatimizning bizga bo‘lgan beqiyos e’tibori va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib, o‘z uy-joyimga ega bo‘ldim. Men ota-onasiz o‘sgan bo‘lsam-da ustozlarimning, yaxshi insonlarning ta’lim-tarbiyasi bilan jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga intilayapman. Buning uchun avvalo Prezidentimizga, bag‘rikeng xalqimizga rahmat aytaman. Men barchangizni yaxshi ko‘raman.

Yangi xonadonlarni o‘z egalariga topshirish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev ishtirok etdi va uy kalitlarini tantanali topshirdi. Shuningdek, uy egalariga viloyat va Samarqand shahar hokimligining esdalik sovg‘alari berildi.

Tadbirda yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tgan oilalar vakillari so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

– Birinchi guruh nogironiman, – deydi Shohista Fayziyeva. – Turmush o‘rtog‘im ham imkoniyat cheklangan. Shu vaqtgacha bir nafar qizimiz bilan ijarada turar edik. Uy-joyga muhtojligimiz yuzasidan Samarqand shahar hokimligiga murojaat qilganimizdan so‘ng ushbu ko‘p qavatli uydan bir xonalisi bizga berildi. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 111