O‘zA O`zbek

06.12.2018 20:22 Chop etish versiyasi

Samarqandda 4028 nafar xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatmoqda

Samarqandda viloyat xotin-qizlar qoʻmitasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Qoʻmitaning 2013-2018 yillardagi faoliyati sarhisob qilingan tadbirda viloyat aholisining 1 million 852 ming nafardan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etishi taʼkidlandi. Ularning 822 ming nafardan ziyodi mehnatga layoqatli boʻlib, jamiyat hayotining turli sohalarida mehnat qilmoqda. 4028 nafar xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatayotir. Xalq deputatlari viloyat kengashiga 20 nafar, tuman va shahar kengashlariga 125 nafar ayol deputatlikka saylangan.

Hisobot davrida qoʻmita va uning quyi tizimlari tomonidan xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash, bandligini taʼminlash, huquqiy-ijtimoiy muhofaza qilish, ular oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan. Bu borada ijobiy koʻrsatkichlarga erishilgan boʻlsa-da, qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish va ishga joylashtirish, oilaga tayyorlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan ishlash, oilaviy ajrimlarni kamaytirish borasida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar juda koʻp.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov hisobot yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, qoʻmita faoliyatini takomillashtirish, xotin-qizlar manfaatini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlashda yangicha yondashuv zarurligini taʼkidladi.

Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlayotgani qayd etildi. Mazkur hujjat ijrosini taʼminlashda xotin-qizlar qoʻmitalari va ularning boshlangʻich tashkilotlari oldida turgan vazifalar haqida soʻz yuritildi.

Konferensiyada Samarqand viloyati xotin-qizlar qoʻmitasining yangi boshqaruv tarkibi saylandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining yangi tahrirdagi ustavi loyihasi yuzasidan takliflar bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari vazifasida ishlab kelgan Alimova Gavhar Zoirovna Samarqand viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyat hokimining oʻrinbosari etib saylandi.



Gʻ.Hasanov, OʻzA
1 467