O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:18 Chop etish versiyasi

Samarqandda 38 nafar yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi

Samarqandda 38 nafar yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi Samarqandda 38 nafar fidoyi yurtdoshimizga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi.

Prezidentimizning 2017-yil 13-iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur mukofot jamiyat hayotida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni va rolini kuchaytirish, joylarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faol, tashabbuskor yurtdoshlarimizni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Samarqand viloyatida bugungi kunda 1100 ga yaqin mahalla fuqarolar yigʻini faoliyat koʻrsatmoqda. Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahallani obod maskanga, tadbirkorlik markaziga aylantirish, yoshlar manfaatini himoyalashda mazkur tuzilmaning oʻrni yil sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda mahalla fuqarolar yigʻinlari muhim rol oʻynamoqda. Keyingi yillarda yurtimizda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi islohotlar natijasida mahalla fuqarolar yigʻini raisining vakolat muddati uch yil etib belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaga ham tegishli oʻzgartish kiritildi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarni tabriklab, ularga mukofotni tantanali topshirdi.

– Viloyatimizning bir guruh faollari qatorida birinchilardan boʻlib ushbu nishon bilan taqdirlanganimdan xursandman, – deydi Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Qoʻshhovuz” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Saboat Neʼmatova. – 1800 dan ortiq mahalladoshlarimning menga bildirgan yuksak ishonchi tufayli besh yildan buyon mahallaga boshchilik qilib kelaman. 410 ga yaqin xonadon ahli bilan bir oiladek inoqligimiz, hamjihatlikda ishlashimiz tufayli keyingi 3 yilda hududda birorta jinoyat sodir etilmadi, oilaviy ajrimlar boʻlmadi. Shu bois, bu nishonni butun mahallamiz ahliga berilgan mukofot deb qabul qildim.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi. 

8.JPG

13.JPG

21.JPG


Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), OʻzA
1 109