O‘zA O`zbek

18.08.2018 15:08 Chop etish versiyasi

Samarqandda 1000 ga yaqin oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi

Samarqandda 1000 ga yaqin oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi
Vatanimiz mustaqillikning yigirma yetti yilligi oldidan o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharining dastlabki kunida Samarqand viloyatida 809 ming nafardan ortiq kishi ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi.

Erta tongdan viloyatning barcha tuman va shaharlarida, mahallalar, korxona va tashkilotlar, muassasalarda kattayu kichik hasharga chiqdi. Ularning yordamida 944 gektar maydon obodonlashtirildi. 1065 ta ariq va lotok, 632 ta qabriston, 25 ta ziyoratgoh va uning atrofi tozalandi. 670 ming tup daraxtga shakl berildi.

– Hozirgacha viloyat bo‘yicha jami 1700 tonna maishiy va qurilish chiqindilari to‘plab, belgilangan joylarga chiqarildi, –deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Komil Haydarov. – Bu ishlarga 714 ta texnika jalb etildi. Bundan tashqari, tuman va shaharlarda ehtiyojmand 807 oilaning uy-joyi ta’mirlandi. Shuningdek, mingga yaqin kam ta’minlangan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Viloyatda hashar doirasidagi ishlar davom etmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA
1 887