O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi XTB mudirlarini ogohlantirdi

Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi XTB mudirlarini ogohlantirdi

Keyingi kunlarda bir qator saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Narpay tumanida oʻqituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilgani haqida gap-soʻzlar koʻpaygani ortidan Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi S.Usmonov boshqarma telegram kanali va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari, maktablar direktorlariga murojaat qildi.

- Yurtimizda karantin davri davom etayotgan ayni paytda, umuman, faoliyatimiz davomida har bir qilayotgan ishimizni yetti oʻlchab, bir kesgan holda, qonun talablari asosida bajarishimiz, tasarrufimizdagi muassasalar rahbar va xodimlarning manfaatini hurmat qilishimiz, shaʼni, qadr-qimmatini oyoqosti qilmasligimiz shart, - deb yozadi S.Usmonov. – Afsuski, kechagina bir ish qilmasdan, joyida depsinib oʻtirgan baʼzi mudir yoki direktorlarning ayni karantin davrida “gʻayrati joʻshib qolgan”. Eng yomoni, sanitar-gigiyenik qoidalarga qatʼiy amal qilish soʻralayotgan bugungi kunda oʻqituvchilarning maktabga jalb qilinishi, majburiy mehnat holatlari uchramoqda. Ushbu holatlardan tashqari, har biringiz umumtaʼlim muassasalarida majburiy pul yigʻimlarini amalga oshirmaslik boʻyicha qatʼiy ogohlantirilganingizga qaramasdan, ayrim maktablar tomonidan bunday ishga qoʻl urilayotganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar kelib turibdi.

Hurmatli mudirlar!

Yana bir bor takrorlayman va ogohlantiraman: oʻquvchi va oʻqituvchilarning maktablarga karantin paytida kelmasligini, majburiy mehnatga jalb qilinmasligini, turli bahona bilan pul yigʻilmasligini qatʼiy nazoratga oling va bu borada bir muddat ham Sizni mudroq bosmasin!

Bu qatʼiy ogohlantirishni eʼtiborsiz qoldirib, xotirjamlikka berilsangiz, tasarrufingizdagi maktablarda bu borada kamchiliklar yuzaga kelsa, avvalo, Siz va oʻsha maktabning direktori ham qilmishi uchun javob beradi, deyiladi murojaatda.

715
OʻzA