O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Samarqand viloyati endokrinologiya dispanserida 130 dan ortiq jarrohlik amaliyoti bajarildi

Samarqand viloyati endokrinologiya dispanserida 130 dan ortiq jarrohlik amaliyoti bajarildi

Bu haqda dispanser bosh shifokori, Samarqand viloyati bosh endokrinologi G.Negmatova jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

14 noyabr – Xalqaro diabet kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 apreldagi “2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

– Bugungi kunda dunyoda endokrinologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar soni 400 milliondan oshdi, – deydi G.Negmatova. – Viloyatimizda hozirda qandli diabet bilan ro‘yxatga olinganlar 26 ming 600 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Jumladan, birinchi tur qandli diabetga chalinganlar 1 ming 430 nafardan ko‘proq. Bu bizga murojaat qilganlar va o‘zimiz joylarga chiqib o‘tkazgan tibbiy ko‘riklarimiz natijasida aniqlangan ko‘rsatkich. Vaholanki, kasallikka chalinganlar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Tasdiqlangan milliy dastur asosida birinchi navbatda kasallikni erta aniqlash va uning oldini olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tibbiy muassasalar moddiy texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy uskunalar yordamida davolashning ilg‘or usullarini qo‘llash rejalashtirilgan.

Bizning dispanserimizda ham ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida 40 dan ortiq yangi laborator tahlillarni tekshirish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan biokimyoviy va gormonal tahlillar, funksional diagnostik tekshiruvlar: exokardiografiya, exoensefalografiya va oyoq qon tomirlarining dopplerografiyasi amalga oshirilmoqda. Keyingi ikki yilda dispanser va laboratoriya bo‘limlarining kunlik qabul qilish quvvati ikki barobar oshdi.

Joriy yilda dispanser hududida investitsiya dasturi asosida 3,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, yangi bino qurildi. Bu yerda yangi tireodolgiya va endokrin jarrohlik, diabetik to‘piq, bolalar endokrinologiyasi, intensiv davolash va reanimatsiya bo‘limi, ekspress laboratoriya, qabul va sterilizatsiya bloklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bo‘limlar eng so‘nggi rusumdagi tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlandi. Yangi bo‘limda shu paytgacha 130 ga yaqin murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi. Viloyatda endokrinolog mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, 30 nafar yosh shifokorlar Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida malaka oshirib keldi. Dispanserning 2 nafar shifokori Rossiyadagi yetakchi klinikalarida malaka oshirdi.

Xalqaro diabet kuni munosabati bilan dispanser tomonidan ayni paytda viloyatda “Diabet oyligi” o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida muassasada ochiq eshiklar kuni tashkil etilib, har kuni yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz diabetga tekshiruvdan o‘tmoqda.

326
G‘.HASANOV, O‘zA