Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2018 16:15 Chop etish versiyasi

Samarqand teatri Turkiyada spektakl namoyish etadi

Samarqand viloyati musiqali drama teatri joriy yilning 20-30 aprel kunlari Turkiyaning Ko‘nyo shahrida o‘tkaziladigan “Ming nafas – bir ovoz” turkiy tillarda sahnalashtirilgan spektakllarning XI xalqaro festivalida ishtirok etadi.

Teatr jamoasi mazkur festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakati teatrlarida sahnalashtirilgan “Ko‘chki” spektaklini namoyish etadi.

– Mashhur turk dramaturgi Tunjar Jujano‘g‘lining mazkur asarini 2017 yilda sahnalashtirib, tomoshabinlar hukmiga havol qilgan edik, – deydi Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori B.Sharofov. – Spektakl mutaxassislar va tomoshabinlar tomonidan yaxshi qabul qilindi. O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentga ijodiy safarimiz chog‘ida ham bu asarni namoyish qildik. O‘sha paytda poytaxtimizga tashrif buyurgan Tunjar Jujano‘g‘lining o‘zi ham spektaklni ko‘rib, yuqori baho bergan edi.

Spektakldagi asosiy rollarni teatr aktyorlari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Baxtiyor Rahimov, Bahrullo Rahimov, Gulbahor Mamedova, Mehri Hakimova, Solijon Hakimov, shuningdek, umidli yosh aktyorlar Jamshid Murodov, Shohsanam Obloqulova, Sarvinoz Saitova mahorat bilan ijro etib kelmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 635