Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 15:40 Chop etish versiyasi

Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi yoshlar bilan uchrashmoqda

Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi yoshlar bilan uchrashmoqda
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni 

Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun yuqori malakali, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikadan foydalanish ko‘nikmasiga ega ofitser kadrlar tayyorlovchi muassasalardan biridir.

– Mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida barcha bo‘g‘indagi professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti boshlig‘i o‘rinbosari T.Xolmatov. – Ushbu vazifalardan kelib chiqib, bizning muassasamizda ham o‘quv jarayoni takomillashtirildi. Avvalo, bilim yurtiga o‘qishga qabul qilishda nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlashga alohida e’tibor qaratildi. Abituriyentlar dastlabki tanlash, harbiy-professional tanlash va test sinovlari asosida kompleks ravishda bosqichma-bosqich saralanib, jismoniy-ruhiy tayyorgarligi yuqori, tez fikrlaydigan, bilimli yoshlar o‘qishga qabul qilindi. O‘quv jarayoni ham oldimizga qo‘yilgan vazifalar va zamon talablaridan kelib chiqib yangicha asosda tashkil etildi. O‘z navbatida, bilim yurti moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, o‘quv binolari va yotoqxonalarda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 



Bilim yurtida 20 dan ortiq kafedra bo‘lib, ularda o‘z sohasi bo‘yicha boy tajribaga ega ofitserlar faoliyat ko‘rsatadi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borishga ixtisoslashgan maxsus xonalar, zamonaviy axborot texnologiyalari, harbiy texnika va jihozlar, sport inshootlari, 110 ming nusxadan ortiq o‘quv va badiiy kitoblarga ega kutubxona harbiylikni tanlagan yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda. 



– Mashg‘ulotlarda an’anaviy o‘qitish metodlari bilan birga, “Aqliy hujum”, “Zinama-zina” kabi interfaol usullardan foydalanayotganimiz tinglovchilarning fanga qiziqishini oshirish va uni puxta o‘zlashtirishiga yordam bermoqda, – deydi harbiy tarix fani o‘qituvchisi, podpolkovnik T.Kalonov. – Ayniqsa, seminar mashg‘ulotlarida kichik guruhlarga bo‘linib, mavzu yuzasidan bahs-munozara uyushtirilishi, musobaqalashgan holda savollarga javob berishi kursantlarning bilimini mustahkamlash, o‘z fikrini bayon etishga intilishini kuchaytirishda muhim omil bo‘layotir. Buning natijasida kursantlarimiz harbiy bilim yurtlari o‘rtasidagi fan olimpiadalari, intellektual tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Jumladan, yaqinda harbiy tarix bo‘yicha oliy harbiy bilim yurtlari fan olimpiadasida bizning jamoa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

  

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik oyligi tadbirlarida bilim yurti jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. Ular viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahallalarda yoshlar bilan uchrashuvlarda qatnashmoqda.

– Yaqinda Samarqand shahridagi harbiylar shaharchasida o‘tkazilgan “Armiya va yoshlar” festivalida qatnashib, tengdoshlarim, ukalarimga bilim yurtimizdagi ta’lim jarayoni haqida gapirib berdim, – deydi kursant Asqar Imomov. – Shuningdek, ayni paytda shahardagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari ham muassasamizga kelib, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishmoqda. Ularning bizga havas qilishini ko‘rib, fikrlarini eshitib, shunday nufuzli oliy harbiy ta’lim muassasasida tahsil olayotganimdan faxrlanaman. Kelajakda yetuk ofitser bo‘lib, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shishni o‘zim uchun oliy maqsad, deb bilaman.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
14 271