Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 11:11 Chop etish versiyasi

Samarqand davlat universiteti yoshlari yetakchisi saylandi

Samarqand shahridagi yetti oliy o‘quv yurtida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasasi yetakchilar kengashi a’zolari va yetakchisi saylovi yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni, 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz yoshlari hayotida yangi davrni boshlab berdi.

Mazkur hujjatlar asosida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va uning hududiy kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

– Ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi yetakchilar kengashini shakllantirishda ham tashkilot oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar nechog‘li ulkan va mas’uliyatli ekani e’tiborga olinib, tegishli nizom tasdiqlandi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari U.O‘sarov. – Saylovlar mazkur nizom talablari asosida, avvalo yoshlarning fikr va qarashlariga tayanilgan holda tashkil etildi. Yetakchilar bir necha nomzod orasidan muqobillik asosida saylandi.

Samarqand davlat universitetida ham saylovga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchiligiga universitet talabalari orzu-o‘ylarini yaxshi biladigan va ular o‘rtasida o‘z o‘rniga ega, tashabbuskor, faol uch nafar nomzod ko‘rsatildi. Ular saylov kuniga qadar fakultetlarda uchrashuvlar o‘tkazib, o‘z saylovoldi dasturi, bir yil davomida amalga oshirishni rejalashtirgan tadbirlari haqida ma’lumot berdi, tengdoshlari taklifini eshitdi.

Saylov yakunlariga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan yoshlarning eng ko‘p ovozini olgan Husen To‘xtayev Samarqand davlat universiteti yoshlari yetakchisi etib saylandi.

– Universitetimiz yoshlarining bu yuksak ishonchi menga katta mas’uliyat yuklashini his qilib turibman, – deydi H.To‘xtayev. – Negaki, tashkilotimiz oldiga juda katta vazifalar qo‘yilgan. Ushbu vazifalarni universitet miqyosida hal etish, talabalar va yosh xodimlar manfaatini himoya qilish boshlang‘ich tashkilotimiz faoliyatining asosini tashkil etishi lozim. Kengash a’zolari bilan shu yo‘nalishda ish olib borib, bildirilgan ishonchga munosib bo‘lamiz.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 932






Все о погоде - Pogoda.uz