O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Samarqand davlat universiteti – Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi

Samarqand davlat universiteti – Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi

Bugun Samarqand davlat universitetida shu mavzudagi xalqaro onlayn ilmiy konferensiya oʻz ishini boshladi.

– Oʻzbekistonda taʼlim va ilm-fan sohalarida amalga oshirilayotgan

islohotlar Samarqand davlat universiteti taqdirida ham gʻoyat muhim hayotbaxsh oʻzgarishlarni vujudga keltirdi, – dedi anjumanni boshqargan Samarqand davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodov. – Dunyo taʼlim tizimining ilgʻor texnologiyalarini oʻquv-tarbiya jarayoniga tatbiq etish bilan birgalikda, bu qutlugʻ maskanda shonli anʼanalar davom ettirilmoqda va ular Samarqandda zamonaviy universitet modelining yaratilishiga xizmat qilmoqda. Tarixiy manbalar va ilmiy tadqiqotlar Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasining bevosita vorisi ekanligini, uning taʼsis etilish tarixi ham 1420-yilga, yaʼni Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasining taʼsis etilish sanasiga borib taqalishini yaqqol namoyon qilib turibdi. Albatta, bu gap kecha yoki bugun paydo boʻlmadi. Bu masala ancha vaqtdan buyon yurtimiz ilmiy jamoatchiligi, dunyodagi nufuzli universitetlar, ilm-maʼrifat markazlari vakillari oʻrtasida atroflicha muhokama etilib, tahlil qilindi, tarixiy manbalar oʻrganildi hamda tarixiy haqiqat qaror topdi. Shu asosida xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi joriy yilning sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti tashkil etilganligining 600-yilligini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bugungi ilmiy anjuman ana shu yubiley tadbirlari doirasida oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Konferensiyaning yalpi majlisida dastlab, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori R.Qosimov, Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqot markazi bosh direktori Xalit Eren, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik A.Saidov va boshqalarning tabrik soʻzlari eshitildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan, bugungi Oʻzbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va sanʼatning qadimiy beshigi boʻlganligi eʼtirof etildi. Zaminimizdan yetishib chiqqan va dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarining ilmiy-falsafiy qarashlari hamda bebaho ilmiy meroslarida madrasa taʼlimi muhim oʻrin tutgani taʼkidlandi.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bular orasida oliy madrasa maqomiga ega madrasalar ham boʻlgan. Amir Temur va temuriylar renessansi davrida Movarounnahr va Xurosonda, xususan, poytaxt Samarqandda fan va madaniyatning misli koʻrilmagan tarzda yuksalishi bu davrda mamlakatning yirik shaharlarida oliy madrasalar qurilgani, bu taʼlim maskanlarida yetuk allomalar va mudarrislar faoliyat koʻrsatgani bilan bogʻliq. Ayniqsa, 1420-yilda Mirzo Ulugʻbek taʼsis etgan madrasa oʻzining koʻlami, salohiyati va oliy maqomi bilan Sharqda juda tez shuhrat qozondi. Bu madrasa boshqa oliy madrasalardan dunyoviy, ayniqsa, aniq fanlarning oʻqitilishi va shu yoʻnalishda olib borilgan tadqiqotlar koʻlamining kengligi va olamshumulligi, ilmiy-pedagogik kadrlarning yuksak ilmi va mahorati bilan tubdan farq qilar edi.

Mirzo Ulugʻbek qurdirgan oliy madrasa va uning qoshida barpo etilgan rasadxona meʼmoriy betakrorligi va nodirligi, devorida va peshtoqida aks etgan yetti iqlim xaritasi va yulduzli osmon chizilgan bu inshootlar haqli ravishda oʻrta asrlardagi Samarqand madrasalarining ramziga aylandi.

Zayniddin Vosifiyning “Badoeʼ ul-vaqoeʼ” asarida keltirilishicha, Mirzo Ulugʻbek madrasasida Klavdiy Ptolomeyning “Al-Majastiy” (“Almagest” astronomiya fani yutuqlariga bagʻishlangan) asari boʻyicha ilk darsni 1420-yil 21-sentyabrda mashhur olim Shamsiddin Muhammad Xavofiy oʻtgan. Xuddi shu kunni, madrasai oliyada madrasa faoliyatining boshlanish sanasi, deb hisoblash oʻrinlidir. Shu maʼnoda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasining bevosita vorisi boʻlib, uning taʼsis etilish tarixi ham 1420-yilga Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasining taʼsis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu esa Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulugʻbek asos solgan madrasai oliyaning bevosita davomchisi, deb xulosa chiqarishga asos boʻladi.

Yalpi majlisdan soʻng konferensiya “Ulugʻbek madrasasi va uning yurtimiz taʼlim tizimida tutgan oʻrni”, “Mamlakatimizdagi madrasalar taʼlim tizimi va ularning tarixshunosligi”, “Samarqand Davlat universiteti – Ulugʻbek madrasai oliyasi vorisi” yoʻnalishlari boʻyicha oʻz ishini davom ettirmoqda.

966
Gʻ.HASANOV, OʻzA