O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Samarali tadbirkorlik taraqqiyotga yetaklaydi

Samarali tadbirkorlik taraqqiyotga yetaklaydi
Qaror va ijro 

Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan sharoit maʼlum maʼnoda ishlab chiqarishga oʻz taʼsirini koʻrsatishi mumkin. Bunday vaziyatda fuqarolarning daromadlari kamayib ketmasligi uchun ishlab chiqarish korxonalarining barqaror ishlashi muhim ahamiyatga ega. Oʻz navbatida, mahsulotlarni sotish ham kerak.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2020-yil 7-maydagi “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatda eksport qilish uchun avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan 68 turdagi mahsulotlar roʻyxati keltirilgan boʻlib, transportda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish 2022-yil 1-yanvargacha amal qiladigan boʻldi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida mavjud epidemiologik vaziyatda tashqi savdo yuklari belgilangan sanitariya qoidalariga rioya etgan holda, qisqa muddatlarda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazilmoqda. Shu orqali davlat byudjetiga bojxona toʻlovlari oʻz vaqtida va toʻliq undirilishi taʼminlanmoqda. 

Aytish mumkinki, 2020-yilning boshidan 15-mayga qadar boʻlgan davrda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali xorijdan keltirilgan salkam 210 million dollar qiymatidagi 398 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, xorijiy davlatlarga 65 million dollar qiymatdagi salkam 166 ming tonna tovarlar eksporti amalga oshirildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari oʻz faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan, jumladan, bojxona rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday masalalar yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasining “Ishonch telefoni”ga yoki Toshkent shahar bojxona boshqarmasiga murojaat etishi mumkin.

Bugungi epedimiologik vaziyatda yaratilayotgan bunday imkoniyatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yana-da rivojlanishiga, ularning qulay ishlab chiqarish muhitida faoliyat olib borishiga va pirovardida, eksportni yana-da ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Pandemiya sharoitida tizimli ishlar, birgalikdagi harakat oʻz natijasini beradi.

1 122
A.MUSAYEV, OʻzA