O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 13:18 Chop etish versiyasi

Salomatlik kunlari koʻngillarga quvonch ulashmoqda

Salomatlik kunlari koʻngillarga quvonch ulashmoqda

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani singari Surxondaryo viloyatida salomatlikni targʻib qilish kunlari yuqori saviyada oʻtkazilmoqda.

02.PNG

Viloyat markazi hamda tumanlardagi madaniyat va istirohat bogʻlarida tashkil etilgan tadbirlarda malakali shifokorlar aholi keng qatlamlarini chuqurlashtirgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, tegishli maslahatlarni bermoqda. Tibbiy madaniyatni oshirish, kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga yoʻnaltirilgan targʻibot materiallari tarqatilayotir.

03.PNG

Termiz shahridagi Z.M.Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida tashkil etilgan salomatlikni targʻib qilish kunlari tadbiri doirasida tajribali mutaxassislar tomonidan bepul tibbiy koʻrik yoʻlga qoʻyilib, aholi keng qatlamlari uchun sifatli xizmat koʻrsatilmoqda. Bu yerda nafaqat voha markazi aholisi balki, viloyatning olis va chekka tumanlaridan mehmonga kelgan fuqarolar ham tibbiy koʻrikdan oʻtish va salomatliklarini tiklash uchun malakali shifokorlar maslahatini olish imkoniyatiga ega boʻldi.

– Qarindoshlarnikiga mehmonga kelgan edik, – deydi Boysun tumani Obikor mahallasida yashovchi Oyjamol Toshboyeva. – 32 yoshdaman. Keyingi paytlarda oʻzimni holsizlanib, quvvatim kamaygandek his etayotgan edim. Soʻlim bogʻda tibbiy koʻrik boʻlayotganini eshitib, shifokorlar qabuliga keldim. Ular bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, kasalligimni tez aniqlab berishdi. Buqoq kasalligiga chalinganim va oʻtimda tosh paydo boʻlganini aytishdi. Samarali muolaja olish boʻyicha tavsiyalar, salomatligimni tiklash uchun qimmatli maslahatlar berdi. Bundan juda mamnun boʻldim.

Joylarda boʻlib oʻtayotgan salomatlikni targʻib qilish kunlarida koʻchma brigadalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, nogironlar va keksa avlod vakillari xonadonlarida tibbiy koʻrik tashkil etilayotir. Davolanishga jiddiy ehtiyoj sezayotgan fuqarolarga imtiyozli yoʻllanmalar ajratish choralari koʻrilmoqda. Bunday tadbirlarni viloyatning olis va chekka hududlarida ham uyushqoqlik bilan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA