O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Sakson yoshdan oshgan Norxol momo keksayu yoshga o‘rnak

Sakson yoshdan oshgan Norxol momo keksayu yoshga o‘rnak

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi Norxol Qurbonovani tumandagi kattayu kichik barcha usta paxtakor, ilg‘or fermer sifatida yaxshi biladi. Onaxon mana 67 yildan buyon dala kezadi.

Bir umr g‘o‘za chopiq qilishda, paxta terimida qatnashib, 30 yil brigada boshlig‘i bo‘lib mehnat qilgan bo‘lsa, mana 28 yildirki onaxon Paxtachi tumanidagi “G‘allakor” fermer xo‘jaligiga bosh-qosh.

Norxol Qurbonovaning ko‘p yillik halol mehnati, fermerlik jarayonining agrar sohasi rivojiga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri, to‘plagan boy hayotiy va kasbiy tajribasi, ibratli hayot yo‘li davlatimiz tomonidan munosib baholanib kelinmoqda. U kishi 2004 yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, 2017 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor” faxriy unvoni bilan mukofotlangan. Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan onaxon Prezidentimiz tomonidan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

– Joriy yilda 112 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirdim, 54 gektar maydondan davlatga 54 sentnerdan urug‘lik g‘alla topshirdim, –deydi “G‘allakor” fermer xo‘jaligi rahbari Norxol Qurbonova. – 58 gektar maydonda esa “Buxoro-102” navli urug‘lik chigit ekib, undan mo‘l hosil yetishtirdik. Mehnatimning munosib taqdirlanib kelinayotganidan, menga berilgan davlatimizning yuksak mukofotlari uchun Prezidentimizga va xalqimizga minnatdorchilik bildiraman.

Sifatli urug‘lik paxtani yetishtirib, terib olish bu kelgusi yillardagi paxtamizning hosildorligini belgilab beradi. Chunki, yetishtirilgan urug‘lik paxtaning chigiti necha ming-ming gektar maydonga yetadi. Mexanizator Odil Qurbonov, suvchi Yodgor Rajabovlar mehnat qilayotgan kichik guruhlarning samarali harakati natijasida fermer xo‘jaligi dalalarida mo‘l hosil to‘plandi.

Biz dalaga borganimizda yoshi ulug‘ bo‘lishiga qaramasdan tinib-tinchimas onaning belida etak. Soat 12 bo‘lmasdan turib 35 kilogramm paxta terib qo‘ygan ekan. Jamila Egamberdieva, Tamila Eshquvvatova, Gulzayda Sodiqova, Ma’mura Rahmonova singari ilg‘or terimchilar uning qanotida. Ular kabi 200 nafardan ortiq terimchilarning har biri kuniga paxta xirmoniga 100 kilogrammdan oshirib hosil topshirmoqda.

Onaxonning 6 nafar o‘g‘li, 24 nafar nabirasi atrofida girdikapalak. Barcha ishlarda onasiga yondosh-yelkadosh. Yaqinda oila a’zolari birgalashib “Toshko‘prik” qishlog‘idagi tashlandiq yotgan bolalar bog‘chasini kapital ta’mirdan chiqarib bolakaylarga sovg‘a qilishdi. Bugungi kunda 140 o‘rinli mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi qishloq bolalari ixtiyorida. Bundan aholi ham minnatdor.

Butun borlig‘i, hayoti va tajribasini dehqonchilikka baxshida etgan, sharafli kasbidan baxt va obro‘ topgan, el ichra e’zozda bo‘lgan Paxtachi tumanidagi “G‘allakor” fermer xo‘jaligi rahbari Norxol Qurbonovaning fidoyiligi, hozir ham tinib-tinchimasligi har birimiz uchun ibrat maktabi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

425
Abdulaziz YO‘LDOShEV, O‘zA