O‘zA O`zbek

28.05.2019 Chop etish versiyasi

Saida Mirziyoeva: Axborot xizmatlari tizimini tubdan takomillashtirish lozim

Saida Mirziyoeva: Axborot xizmatlari tizimini tubdan takomillashtirish lozim

"Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida "OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida respublika konferensiyasi davom etmoqda.

Konferensiyada agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva ham o‘z mar’uzasi bilan ishtirok etdi.

U o‘z nutqida davlat va xo‘jalik tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.

DSC_6473-1848x1228.JPG
— Nima uchun OAV to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayapti, degan savolga ko‘p omillar qatori vazirlik va idoralar axborot xizmati faoliyatiga nisbatan e’tiborsiz munosabatni ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin, – dedi S.Mirziyoeva. 

Ma’ruzada ta’kidlanishicha, o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohada eng asosiy muammo, bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjatning mavjud emasligidir. Hozirda ushbu hujjat tayyorlanmoqda. 

Shuningdek, Saida Mirziyoeva o‘z nutqida davlat va xo‘jalik tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatidagi mavjud kamchiliklar xususida alohida to‘xtaldi. Sohada ish hajmining ko‘p, zamonaviy talablarga javob bera olmayapti. Mavjud sharoitlarning yetarli darajada emasligi sabab axborot xizmatlari faoliyati qoniqarsiz ahvolda qolib ketmoqda. O‘ndan ortiq respublika darajasidagi tashkilotlar, ko‘pgina tuman va shahar hokimliklarida haligacha axborot xizmati faoliyati tashkilotlari etilmagan. 

DSC_6411-1848x1228.JPG

Ko‘plab davlat va xo‘jalik tashkilotlari veb saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida axborotlar yetarli darajada emasligini ham tanqid qilindi.

— Ularning veb saytlariga kiruvchilarning umumiy soni 400 ming, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifalariga murojaat qiluvchilar soni 150 ming, Telegram tarmog‘ida a’zolar 300 ming nafardan oshmaydi, - dedi S.Mirziyoeva. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 20 milliondan ortiq ekanini hisobga olsak, yuqoridagi ko‘rsatkichlardan o‘zingiz xulosa olishingiz mumkin. 

S.Mirziyoeva shu va boshqa bir qator kamchiliklarni sanab o‘tar ekan, "Axborot xizmatlari tizimini tubdan takomillashtirish lozim", deya qat’iy ta’kidladi. 

1 413
Inobat Ahatova, Muhammad Amin (surat) O‘zA