O‘zA O`zbek

11.08.2018 15:56 Chop etish versiyasi

Sahro bag‘rida noan’anaviy davolash maskani

Sahro bag‘rida noan’anaviy davolash maskani

Qizilqum kengliklari chorvachilik, ayniqsa, qorako‘l, yilqi va tuyachilik uchun juda qulay. Shu bois bu hududda keyingi yillarda chorvadorlar o‘ziga xos tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.

“Lazizbek tulporlari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida dastlab tuyachilik yo‘lga qo‘yildi. Ishbilarmon tadbirkor Laziz Boyevni endilikda nafaqat navbahorliklar, balki xorijda ham yaxshi tanishadi. Sababi, u birinchilardan bo‘lib cho‘l sharoitida tabiiy shifobaxsh mahsulot – tuya suti bilan davolashni yo‘lga qo‘ydi.

Fermer tuman markazidan 40 chaqirim olisda, sahro bag‘rida o‘tov tiklab, tuyachilikni rivojlantirdi. Ayni vaqtda jonivorlar soni 30 boshga yetdi. Xo‘jalik o‘tovlarida bu jonzotning suti bilan kishilar dardiga shifo bag‘ishlash g‘oyasi tuman va viloyat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tashkiliy ishlar boshlab yuborildi. Ichki imkoniyatlardan foydalanib, bu yerda bir vaqtning o‘zida 30 kishiga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratildi. Xususan, ushbu maskan Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan kelgan mijozlarga juda ma’qul tushdi.

– Talab va istaklarni inobatga olib, yana o‘nta o‘tov hamda ikki qavatli bino qurish niyatim bor, – deydi fermer. – Bunga erishsam, 150 bemorga xizmat ko‘rsata olamiz. Rahbarlar loyihamizni ma’qullashdi va mablag‘ masalasida yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Rejadagi ishlarni bajarish uchun 5 milliard so‘m kredit olishni mo‘ljallaganmiz. Chorva uchun sharoit yetarli, faqat talab darajasidagi maishiy xizmatni yo‘lga qo‘ysak bo‘lgani. O‘n nafar xodim soni yana shunchaga ko‘payadi.

– Ko‘p yillardan buyon qon bosimim yuqori bo‘lib, oshqozonim ham bezovta qilib turardi, – deydi samarqandlik bemor U.Iskandarov. – Orada ukam gepatit, kelinim esa qandli diabet kasalligiga chalindi. Bu yerning ta’rifini eshitib keldik. O‘n kunlik tabiiy muolajalar natijasida hozirda o‘zimizni juda yaxshi his etyapmiz. Kelinim sog‘ayib, kuni kecha uyga qaytdi. Kelgusi oyda yana kelib, davolanishni davom ettiramiz. Bu yerning havosi issiq bo‘lsa-da, ko‘rsatilayotgan xizmat, xodimlarning samimiy va xushmuomalaligi barchaning dilini xushnud etmoqda. Ularga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.

Joriy yilning o‘zida bu yerda davo topganlar soni 200 nafardan oshdi. Xodimlar esa xolis xizmat qilishdan charchamaydi. Ularning ta’kidlashicha, kunlar salqinlashishi bilan tashrif buyuruvchilar soni yanada ortadi. Bu esa tabiiyki, daromad ortib, farovonlik ta’minlanishini anglatadi.

N. Rahimov, O‘zA
2 585