O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Sado bering, qayerdasiz yulduzlar?

Sado bering, qayerdasiz yulduzlar?


Yoxud xalq boshiga ish tushganda bilinadi asl saxovat, VATANPARVARLIK!

Mard tadbirkorlar xalqni tashlab qoʻymaydi;

Rostdan ham xonandalarga sichqonning ini ming tanga boʻldi(mi?) yoki sanʼatkorlar faqat xalqdan olib oʻrganganmi?”...

Turli sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishgan jahon yulduzlarini biz nafaqat qilayotgan bevosita ishlari, balki xayriya ishlari uchun ham qadrlaymiz. Zero, xayru saxovat eng yuksak insoniy fazilatdir.

Mashhur futbol yulduzi Muhammad Salohning koronavirusga qarshi kurashishga hissa qoʻshish uchun bir million yevro xayriya qilgani dunyo jamoatchiligining eʼtiborini tortdi.

Koronavirus dunyoni oʻz zabtiga olgan tashvishli onlarda bunday ishlar koʻpaydi va ularni sanab chiqishning oʻzi imkonsiz. Ammo yonimizdagi odamlar, Qozogʻistonda ham ana shunday katta xayriya ishlariga qoʻl urilgani havasimizni keltirdi, toʻgʻrisi.

Platforma.uzning xabar berishicha, Qozogʻistonda Nursulton Nazarboyevning murojaatidan soʻng koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha xayriya jamgʻarmasi tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida fond 41 million dollar xayriya mablagʻlarini yigʻib ulgurdi.

Ayni paytda roʻyxatda birinchilikda Timur Kulibayev, shuningdek, “Eurasian Resources Group” (Alijon Ibragimov, Aleksandr Mashkevich va Patox Shodiyev) va “Kazaxmыs” (Vladimir Kim) turibdi. Jamgʻarmaga ularning har biri 10 million dollardan bergan.

Mazkur telegramm kanal ijodkorlari bu xabarni berish bilan cheklanmay, mahalliy yirik tadbirkorlar ham shunay qilarmikin, degan fikrni oʻrtaga tashladi.

Bu fikrni qoʻllab-quvvatlash bilan birga mavzuni biroz boyitib, “Xalq sizni kutyapti, oʻzbekistonlik yirik tadbirkorlar!” sarlavhasi ostida Feysbuk ijtimoiy tarmogʻiga joylandi.

Postda quyidagi soʻzlar ham bor:

“Oʻzbekistonga koronavirus kirib kelishi bilan xalqni qoʻllab-quvvatlashga kirishgan, xayriya tadbirlari qilayotgan tadbirkorlar bor, albatta. Ammo ular orasida koʻzga koʻringan, dunyoga tanilgan yirik tadbirkorlarimiz negadir koʻrinmadi, hali.

Xalq boshiga ish tushganda bilinadi asl saxovat, VATANPARVARLIK!

Davlat tomonidan zarur choralar koʻrilayotganiga qarmay, odamlarda oddiy tibbiy niqobga boʻlgan ehtiyoj qondirilmayotganini nahotki siz koʻrmayotgan boʻlsangiz?

Jamoat transporti toʻxtatilganini eshitgandirsiz? Lekin ishga borishi shart boʻlgan, biroq taksiga toʻlashga puli yoʻq yurtdoshlaringiz borligini bilasiz-ku, axir!

Roʻzgʻoriga kunlik pul topib yurgan, lekin karantin tufayli ishi kasod boʻlib, bola-chaqasiga nima yedirishni bilmay qiynalayotgan oddiy odamlar haqida sizga aytishim ham shart emasdir? Buni koʻr va kar odam ham sezib turibdi-ku!

Mayli, sizni boy, deb pulingizni sanamoqchi emasman, TADBIRKOR deyman, qaysingiz birinchi boʻlib katta ishga qoʻl urar ekansiz? Xalq sizni kutyapti, oʻzbekistonlik yirik tadbirkorlar!”

“Oʻzbekiston Respublikasi Xalq fikri”, “Xalq bilan muloqot” guruhlariga qoʻyilgan postni bir kunda 500 ga yaqin foydalanuvchi qoʻllab-quvvatladi, 200 ga yaqin izoh yozildi va 70 dan ortiq kishi uni boshqalarga ulashdi.

Muhimi, izohlarda oʻziga xos fikrlar yozib qoldirilgan. Ular bilan qisman tanishtirib oʻtamiz:

NodirXikmatov:“Doʻst ogʻir kunda bilinadi”;

Raʼno Aliyeva: “Rahmat, oʻz vaqtida aytilgan chorlov uchun!”;

Khatam Abdukhalikov: “Monopolistlar xalqqa yordam bersa yaxshi boʻlardi”;

Zebo Xaydarova: “Koʻnglimdagini yozibsiz, kechadan buyon uyqum kelmayotgandi, kunbay ishlaydiganlar nima qilisharkin, deb?”;

Kamilova Sodatxon: “Juda toʻgʻri post yozilgan. Butun dunyoga kelgan balo vaqtida xalqimizni puldor tadbirkorlari albatta, hissalarini qoʻshishlari kerak. Bu juda katta savob-ku! Qiynalgan odamlarga qilingan ehsonlar oʻrnini Alloh toʻldiradi!”;

Nigora Rahmatullaeva:Savoboli shga shoshilish kerak. Hozir yordam qoʻlini choʻzishmasa, qachon choʻzadi?”;

Nargiza Nishonova: “Shunaqa kunda rosa bilinadi-da, boyvachchalar, toʻyma-toʻy yurgan artistu xonandalar. Viloyatlarda maska tarqatishdi, Toshkentda hali eshitmadim bunaqasini. Kutyapmiz, oʻzlarini koʻrsatishsin, hadeb instagramda oʻzini koʻz-koʻz qilmay”;

Muhabbat Eliboyeva: “Biznikilar ziqna. Qattiq yerda suv turadi, shiori bor shekilli, bularning”;

Raʼnoxon Yuldasheva: “Toʻgʻri, postni oʻqigan mard tadbirkorlar tez kunlarda oʻzlari murojaat bilan chiqishadi, degan umiddaman”;

Ulugbek Nigmanov: “Saylovda pulning betiga qaramay sarflagan partiyalardan nega nido yoʻq?”;

Ixtiyor Allaberdiyev: “Ayniqsa, xonandalarga sichqonning ini ming tanga boʻldi. Boshqa payt chiqvolib aqllilik qiladi”;

Adolat Kaymova: “Qoʻshiqchi sanʼatkorlar qani? Yoki ular faqat xalqdan olib oʻrganganmi?”...

Bir-biridan aʼlo fikrlar. Aynan odamlar fikri tufayli sarlavhaga “yulduz” soʻzini qoʻydim. Haqiqatan, oʻz sohasi boʻyicha yulduzga aylangan odamlarni faqat oʻzlarining mehnatlari emas,xalq yulduz qilgan. Xalq oʻz yulduzlarini yaxshi koʻrish bilan cheklanmay, vaqti kelsa ularga suyangisi ham keladi. Ularning xayrli xatti-harakatlaridan koʻngli taskin topishi esa, shubhasiz!

Aytib oʻtish kerakki, ayrimlar xayriyani oshkor qilish shart emas, degan fikrni ilgari surgan. Men esa bu fikrga hozir qoʻshila olmayman. Oddiy kunlarda shunday boʻlishi kerakdir, biroq el boshiga ish tushganda bu kerak. Taskin uchun ham kerak, namuna boʻlish uchun ham kerak.

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha katta mablagʻ ajratilishi, zarur boʻlsa shu maqsadda qarz ham olinishi haqida maʼlum qildi.

Biroq, biz katta bir xalqmiz. Yakdil boʻlsak, muammoni hal qilish, yengib oʻtishda birlashsak, kattaroq ishlar qila olamiz. Shundoq ham mamlakatimizning tashqi qarzlari mavjudligi sir emas.

Oʻylaymanki, ishonamanki, imkoni borlar, ayniqsa, yulduzlikka erishgan tadbirkorlar, sanʼatkorlar bu yoʻlda birlashsa, albatta, maqsadimizga erishamiz.


1 319
Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA