O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Sabr - buyuk fazilat

Sabr - buyuk fazilat
Yoki ertangi kun bugun tartib-intizomga qanchalik rioya qilishimizga, sabrimizga bogʻliq

Koronavirus sababli dunyoda kechayotgan voqealar har qanday insonni oʻyga toldirishi tabiiy. Kasallanish holati tobora koʻpaygani, hatto odamlar vafot etayotgani bor gap. Ayrimlar esa bundan xulosa chiqarish oʻrniga belgilangan qoidalarni buzishi davom etmoqda.

Aytib oʻtish kerakki, davlatimiz xalq manfaatida kasallikning oldini olish uchun zarur saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Virus yuqtirganlarni aniqlash va daʼvolash borasida barcha sharoitlar yaratilayapdi. Shifokorlar bemorlarni oʻylab, tunni-kunga ulab xizmat koʻrsatayotir.

Shunday bir paytda joriy etilgan karantin tartiblarga rioya qilmaslik holatlarini, hatto ayrim yurtdoshlarimizning karantin choralariga qarshi turli fikrlar bildirayotganlarini qanday tushunish yoki izohlash mumkin?

Haqiqiy holatni buzib koʻrsatish, hatto kimningdir kasallikdan vafot etganligi haqida notoʻgʻri xabar tarqatish na odamgarchilikka, na amaldagi qonunchilikka toʻgʻri kelmasligini bilish uchun nahot juda katta saviya darkor boʻlsa? Yoki bundan kimga qanday naf bor?

Buning oʻrniga ushbu koʻzga koʻrinmas virus olib kelgan baloyu ofatlardan xulosa qilishimiz, yomonliklardan tiyilishimiz, bir-birimizga yordam qoʻlini choʻzishimiz lozim emasmi?

Karantin tartibini buzish na oʻzimizga, na yaqinlarimizga, na elga naf keltirmasligi, aksincha vaziyatni murakkablashtirishini, virusning koʻproq tarqalishiga olib kelishini tushunish nahotki shunchalik qiyin boʻlsa?

Birgina iyul oyining oʻzida sudlar tomonidan karantin tartib-qoidalarini buzgan 659 shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilib, shundan 410 shaxsga nisbatan jarima, 249 shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq qoʻllanilgan boʻlsa, 76 shaxsga nisbatan maʼmuriy ish yuritish tugatilgan, 50 nafar tartibbuzar ogohlantirilgan.

Belgilangan karantin qoidalari buzilishiga fuqarolarning oʻzi va boshqalarning taqdiriga befarqligi hamda sabrsizlik sabab boʻlgani ayon boʻlmoqda.

Shu oʻrinda bobomiz Abdulla Avloniyning “Sabr deb boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli boʻlmakni aytilur. Har bir ishda sabr va sovuqqonlik ila harakat qilmak lozimdur. Chunki boshimizga keladurgʻon balo va qazo, zahmat va mashaqqatlarning barchasi janobi Haqning irodasiga sabrsizlik qilgʻon kishilar ajr va savobdan quriq qolurlar. Sabr insonlar uchun buyuk bir fazilatdurki, janobi Haq sobirlarni suyar.... Inson har ishni sabr va matonat ili yurutsa, maqsudigʻa tinch va rohatda borub yetar. Hamisha saodatda yashar”, degan gaplari bizga qarata aytilayotgandek.

Yana bir bobomiz Soʻfi Olloyor esa “Soʻnar gʻam tushsa ham ozoda erga, Oʻchar, oʻt kelsa xasdan xoli yerga”. (Ozoda, yaʼni sabrli kishi boshiga baloyu qazo gʻami tushsa u yoʻq boʻladi. Buni xas yoʻq yerga tushgan oʻtning soʻnishida koʻrish mumkin). Xullas, sabrli kishi boshiga ish tushsa ham chidam va toʻzimi bilan uni yoʻq qiladi, deganlar.

Bobolarimiz aytganicha, biz bugunning virus bilan bogʻliq muammolariga sabr va sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlishimiz, uning tarqalishining oldini olishga har birimiz burchli ekanligimizni unutmasligimiz, buning uchun, eng avvalo, shifokorlar tavsiyasiga, joriy etilgan tartibga qatʼiy amal qilishimiz hamda bir-birimizga mehr-oqibatli boʻlishimiz zarur.

Jamoat joyida tibbiy niqobsiz yurish, karantin tartibini buzganlik, bilaturib kasallikni boshqalarga yuqtirganlik uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanganligini toʻgʻri tushunishimiz lozim.

Zero, bundan koʻzlangan eng asosiy maqsad - kasallikning oldini olish,elning sogʻligʻini saqlashdan iboratdir.

Shunday ekan, sabr-qanoatli boʻlaylik, karantin tartibi siz –u bizni kasallikdan asrash uchun joriy etilganligini, ertangi kunimiz bugun bizning qanchalik shu tartib-intizomga rioya qilishimizga bogʻliq ekanligini unutmaylik!

Xolmoʻmin YODGOROV,
Oliy sud raisining oʻrinbosari.

2 362
OʻzA