Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 22:00 Chop etish versiyasi

Rossiyalik yoshlar Buxoroda

Rossiyalik yoshlar Buxoroda Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Rossiya yoshlari ikkinchi forumi ishtirokchilari, Rossiya Federatsiyasi vakillari 14-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari Kogon shahridagi “Buxoro” temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

4.jpg

Mehmonlar dastlab, Buxoro shahridagi Yoshlar markazi bilan tanishdi. Bu yerda ular tashrifi sharafiga o‘zbek va rus xalqlari milliy qo‘shiqlari, musiqalari yangradi.

Mamlakatimizda jamiyatning tayanchi va suyanchi bo‘lgan yoshlarning hayotda munosib o‘rin topishi, ularda ijtimoiy daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil dekabr oyida foydalanishga topshirilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining viloyat kengashi joylashgan Yoshlar markazi ham ana shu e’tibor samarasidir.

7.jpg

Bu yerda nafaqat viloyat kengashining faoliyat ko‘rsatishi, balki yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Markazda rus va ingliz tillarini o‘rganish, raqs, an’anaviy xonandalik, tasviriy va amaliy san’at, shaxmat va shashka to‘garaklari, inklyuziv ta’lim, maktabgacha ta’lim, robototexnika, qizlarni oilaga tayyorlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda ularda 100 dan ziyod yoshlar shug‘ullanmoqda.

Bu yerdagi sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

8.jpg

– Markazda ko‘rganlarimiz O‘zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor ko‘lami naqadar kengligini his etish uchun yetarli bo‘ldi, – deydi Moskva aviatsiya instituti o‘qituvchsi T.Romanishina. – Ochig‘i, juda havasim keldi. Bu yerdagi sharoitlar shug‘ullanuvchilar orasida iste’dodli, intellektual salohiyati yuksak bolalar kamol topishiga ko‘maklashishi, shubhasiz. Kezi kelganda shuni aytmoqchimanki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan Rossiya yoshlar ittifoqi o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumiga muvofiq o‘tkazilgan O‘zbekiston – Rossiya yoshlari ikkinchi forumida biz ta’lim, turizm sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish haqida kelishdik. Har ikki tomon uchun foydali bo‘lgan bu hamkorlik doirasidan Buxoro ham o‘rin oladi.

Biz mehmonlardan birini shaxmat va shashka to‘garagi xonasida bir necha bor ko‘rdik. U Moskva davlat universiteti tarix fakulteti talabasi Anton Livshits ekan.

13.jpg

– Shaxmatga bolaligimdan qiziqaman, – deydi u. – Lekin mazkur to‘garakda shug‘ullanayotgan 9 yoshli Avaz Ubaydullayev bilan shunchaki dona suray, deb xato qilibman. Yurtdoshlarim oldida meni osongina mag‘lubiyatga uchratdi. U viloyat va xalqaro turnirlar sovrindori ekan. Sizlarga intervyu berish uchun emas, aslida yosh raqibimni yana bir bor tabriklagani kirgandim bu yerga.

Rossiyalik mehmonlar tashrif dasturidan qadimiy osori-atiqalarga boy Buxoro shahri o‘rin olganidan mamnun edi. Ular Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon, Labi hovuz majmualari va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishgach, bu shaharga yana albatta kelishini ta’kidlashdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
6 585