O‘zA O`zbek

10.01.2018 17:09 Chop etish versiyasi

Rossiyalik shifokor Qoraqalpog‘istonda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi

Nukusda Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining N.N.Bloxin nomidagi Milliy tibbiy onkologiya tadqiqot markazi vertebral jarrohlik bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori, professor Elmar Musayev ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi.

"Umurtqa bo‘g‘ini va kurak suyaklarining xavfli o‘simtalari diagnostikasi va emlash" mavzusida tashkil etilgan seminarda mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida rossiyalik mutaxassis onkologik kasalligi bor bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur maslahatlar berdi. Umurtqa bo‘g‘ini va ichki ichak yo‘llaridagi kasalliklar bo‘yicha ikki nafar bemorni operatsiya qildi.

– Umurtqa bo‘g‘ini, kurak, bel umurtqasi bo‘yicha orttirgan tajribamni soha mutaxassislari bilan bo‘lishishni rejalashtirganman, – deydi professor E.Musayev. – O‘zbekistonda birinchi marotaba bel umurtqasida xavfli o‘simta kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolashga harakat qildik va xavfli o‘simtani olib tashladik. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi. Jarrohlik amaliyotida ko‘plab shifokorlar qatnashdi. Shu yerdagi qabulimizga Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan ham bemorlar keldi. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ilk tashrifim. Endi Xorazm va Buxoro viloyatlarida ishimizni davom ettiramiz.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Elmar Musayev boshchiligidagi guruh tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasida ham onkolog, jarroh va travmatolog shifokorlar ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Yesimqan Qanaatov. O‘zA
8 209