O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Rossiyadan Termizga kelgan vatandoshlarimizning ahvoli qanday?

Rossiyadan Termizga kelgan vatandoshlarimizning ahvoli qanday?

Joriy yilning 28-mart kuni Surxondaryo viloyatiga charter reys orqali Rossiyadan 239 vatandoshimiz olib kelingani va tayyorlangan maxsus joyda karantin kuzatuviga olingani haqida xabar bergan edik.

Ularning 39 nafari Toshkent shahri, 24 nafari Andijon, 17 nafari Buxoro, 10 nafari Jizzax, 9 nafari Surxondaryo, 21 nafari Qashqadaryo viloyati, 11 nafari Qoraqolpogʻiston Respublikasi fuqarolaridir.

Shuningdek, Navoiy viloyatidan 4, Namangandan 30, Samarqandan 28, Sirdaryo viloyatidan 6, Fargʻonadan 21, Xorazmdan 5, Toshkent viloyatidan 14 nafar yurtdoshlarimiz ham mazkur reys bilan Termiz shahriga kelib qoʻngan.

–Ular Angor tumanida 14 kunlik karantin muddatini oʻtamoqda,– deydi viloyat sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori A.Mustanov. – Xorijdan kelgan bu fuqarolardan belgilangan tartibda laboratoriya tahlillari olindi. Barchasiga manfiy xulosa berildi. Kuzatuvga olingan vatandoshlarimiz kuzatuv davrini koʻngildagidek oʻtkazishi uchun zarur sanitar-gigiyenik vositalar, badiiy kitob va sport anjomlari bilan taʼminlangan.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda 5 ming 336 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvga olingan. Ularning 4 ming 998 nafari uy sharoitida, 338 nafari tibbiyot muassasalarida karantin muddatini oʻtayotir. 1 ming 653 fuqaro 14 kunlik kuzatuv ostida boʻlib, sogʻligida xavf-xatar boʻlmaganligi sababli karantin kuzatuvdan chiqarilgan.

– Viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar kuchaytirilgan tartibda davom etmoqda,– deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev.–Tibbiy kuzatuvda turganlar bilan muloqotda boʻlganlarning roʻyxatlari ham toʻliq shakllantirilib, ularning yashash manzillari ham kuzatuvga olingan. Tibbiyot muassasalari va uy sharoitida karantin kuzatuv muddatini oʻtayotganlar uchun ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining xodimlari biriktirilgan. Bu boʻyicha hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq.

Ayni paytda viloyatda mavjud ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlari bir maromda faoliyat yuritmoqda. Fermerlar dala yumushlari bilan band. Ular yetarli miqdorda antiseptik vositalar, himoya qoʻlqopi va tibbiy niqob bilan taʼminlangan.

1 002
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA