O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining vakolatxonasi Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk O‘zbekistonda ochiladi

Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining vakolatxonasi Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk O‘zbekistonda ochiladi

Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutasaddilari mazkur oliy o‘quv yurtining 60 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur oliy ta’lim muassasasi 1960 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyaning ko‘pmillatli va ko‘p tarmoqli universiteti hisoblanadi. Ayni paytda universitetda dunyoning 150 dan ziyod mamlakatlaridan talabalar tahsil olmoqda.
Universitet rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 2017 yil 5 aprelda Moskva shahrida imzolangan “Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida”gi ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi bitim ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining hozirgi holati muhokama qilindi.

Rossiyaga ishlash uchun boradigan O‘zbekiston fuqarolarini mazkur hududda moslashishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida va hukumatlararo bitim Ishchi guruhining tavsiyasiga binoan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Mazkur kelishuv Rossiya Federatsiyasi hududida fuqarolarimizning ijtimoiy-madaniy moslashuvi uchun sharoitlar yaratish, mehnat migrantlari uchun turli qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va loyihalarni amalga oshirish, statistik ma’lumotlar almashish, gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beradi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Monomarkazda Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti ko‘magida mamlakatimizdagi rus tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, Rossiya davlatiga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligini o‘rgatish va patent olish uchun talab etiladigan tegishli sertifikatni O‘zbekistonda berish kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

1 033
O‘zA