Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 15:04 Chop etish versiyasi

Risolat aya shifokorlardan mamnun

Risolat aya shifokorlardan mamnun Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi. Keng va yorug‘, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan xonada chaqiriqlarni qabul qiluvchi yigirma feldsher aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga javob berib, kerakli ma’lumotlarni tezda yozib olish bilan band.

– Allo! Assalomu alaykum, tez tibbiy yordam yigirmanchi operatori eshitadi, – deydi feldsherlardan biri Umida Doniyorova.

Bu murojaat poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasi, 46-uy, 43-xonadondan ekan.

Bemorning manzili, yoshi va nima bezovta qilayotganligini hushyorlik bilan yozib olgan U.Doniyorova operativ bo‘lim katta shifokoriga vaziyatni tushuntirdi. Bemorning ahvoli biroz jiddiyligi sababli unga stansiyaning 11-maxsuslashtirilgan bo‘limi navbatchi shifokori Ikromjon Ergashev va ikki feldsherdan iborat tez yordam brigadasi yuborildi.

Biz ham ularga hamroh bo‘ldik. Stansiyadan chiqishimiz bilan soatga qarayman. O‘n birdan yigirma daqiqa o‘tibdi. Yo‘l-yo‘lakay navbatchi shifokor bilan suhbatlashdik.

– Tez yordam brigadamizda bemorlarga sifatli, tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoit yetarli, – deb gap boshladi I.Ergashev. – Zamonaviy “Hyundai” avtomobili eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Mobil aloqa vositasi, ratsiya, JPS, EKG, IVL, kislorod, defibrillyator, shina, bo‘yin fiksatorlari, toza bog‘lov materiallari va 41 turdagi dori vositasi bilan ta’minlangan. Bularning barchasi har qanday shoshilinch vaziyatda inson hayoti va salomatligini asrab qolish uchun qulay imkoniyat demakdir.

13 daqiqada manzilga yetib keldik.

Ellik yetti yoshli Risolat Hakimovaning boshi aylanib, ko‘ngli behuzur bo‘layotgan va yuragidagi og‘riq sababli ahvoli yomonlashayotgan ekan.

Feldsher Liliya Xudoynazarova bemorga tinchlanib, chuqur-chuqur nafas olishini va hammasi joyida bo‘lishini aytdi.

10 (1).JPG

Shifokor bemorning qon bosimini o‘lchadi. Yuragini EKG qildi. Tezda zarur muolajalar bajarildi. Tez tibbiy yordam xodimlari vaziyatni chamasi yarim soatlarcha kuzatib turib, qayta tekshiruv o‘tkazdi. Xavotir ortda qolib, bemorning ahvoli ancha yaxshilandi. Uy sharoitida davolanishni ma’qul ko‘rgani uchun Risolat ayaga oilaviy poliklinika shifokorlari nazoratida bo‘lishi kerakligi uqtirildi.

Barcha muolajalardan so‘ng o‘zini yaxshi his qilgan Risolat aya shifokorlarga rahmat aytib, ularni duo qildi.

– Yoshim o‘tgani sayin qon bosimim ko‘tarilib, shifokorga ko‘p murojaat qilaman, ayniqsa, tez tibbiy yordam xizmatidan ko‘p foydalanaman. Baraka topishsin, shunchalik e’tibor, shirinso‘z, dori-darmon bilan menga yordam beryapti – deydi Risolat Hakimova.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-martdagi "Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimini va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Mazkur farmonda tez tibbiy yordam xizmatlarini malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiyot uskunasi, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan ta’minlash sifatini yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan muhim vazifalar belgilangan. Ularning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi sanitar avtomashinalar 138 tadan 161 taga ko‘paytirildi. Maxsus tez tibbiy yordam avtotransportlari ishini doimiy nazorat qilish maqsadida har bir avtomashinaga GPS moslamasi o‘rnatildi. Bu aholidan tushayotgan chaqiriqlarga o‘z vaqtida yetib borish, kechikish holatlarini bartaraf etish va avtomashinalar harakatini doimiy nazorat qilib turish imkonini yaratdi.

– Tez tibbiy yordam faoliyatida dispetcherlik xizmatlarini yaxshilash, uning kechayu kunduz samarali ishlashini ta’minlash dolzarb masaladir, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi tezkor bo‘limi mudiri Nasiba Mahmudova. – Hozirgi kunda shahar aholisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 12 kichik stansiya mavjud. Tez tibbiy yordam stansiyasi va barcha kichik stansiyalar kapital ta’mirlangan. Aholidan tushayotgan chaqiriqlarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish, chaqiriqlarga kechikish holatlarining oldini olish maqsadida tez tibbiy yordam xizmati brigadalarida ambulator-poliklinikalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Stansiyamiz tomonidan poytaxtimizdagi 62 oilaviy poliklinikaga tez tibbiy yordam brigadalari va avtomashinalari biriktirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan tez tibbiy yordam xizmatining ko‘chma brigadasi uchun mo‘ljallangan dori vositalari ro‘yxati ishlab chiqildi. Unga ko‘ra tez tibbiy yordam tarmoq brigadalari 36 xil, reanimatsion brigadalar 41 turdagi dori-darmon vositasi, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi markaziy nozimxonasida aholidan tushayotgan chaqiriqlar komputerda yozib boriladi va tahlil qilinadi. Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga bir yarim millionga yaqin chaqiriq tushgan. Har bir chaqiriq e’tibordan chetda qoldirilmay zarur bo‘lgan shoshilinch yordam ko‘rsatilgan.

Inson bemor bo‘lsa, tez tibbiy yordam xodimlaridan, joniga oro kiradigan shifokordan najot, yordam kutadi. Tez tibbiy yordam stansiyasining har bir xodimi buni chuqur anglagan holda, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashayotgani nafaqat aholi salomatligini mustahkamlashga, balki fuqarolarimizning soha vakillari xizmatidan rozi bo‘lishiga, har bir insonning sog‘-salomatligi davlatimiz e’tiborida ekanligini his etib yashashiga zamin yaratayotir.

Go‘zal Sattorova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
747






Все о погоде - Pogoda.uz