O‘zA O`zbek

19.07.2018 15:00 Chop etish versiyasi

Rimda O‘rmonchilik bo‘yicha qo‘mitaning 24-sessiyasida nima muhokama qilindi?

Rimda O‘rmonchilik bo‘yicha qo‘mitaning 24-sessiyasida nima muhokama qilindi?
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi delegatsiyasi Italiyaning Rim shahridagi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik tashkilotining bosh qarorgohi (FAO)da O‘rmonchilik bo‘yicha qo‘mitaning 24-sessiyasida ishtirok etdi. Mazkur sessiya “Jahon o‘rmon haftaligi – 2018” doirasida tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar FAOning bosh qarorgohida barqaror rivojlanish maqsadlari va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimiga erishish uchun o‘rmon xo‘jaligida global harakatlarni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qilishdi. Shuningdek, O‘rmon boshqaruviga hamda o‘rmon yerlaridan foydalanishda xususiy sektorni keng jalb qilish, yosh o‘rmonchilar dasturi doirasida yosh avlodni o‘rmonga va tabiatga bo‘lgan ijobiy munosabatini shakllantirish, o‘rmon ta’limiga ham kerakli investitsiyalar kiritish lozimligi tavsiya etildi.

63b378f9-b181-4931-a5b9-5dc470294c93.jpg 

Sessiyaning ochilishida Shri-Lanka davlati Prezidenti Maytripala Sirisena va Indoneziyaning atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Siti Nurbaya Bakar o‘z nutqida FAOning mamlakatiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Bir necha asrlar oldin Shri-Lanka hududining 50 foizi o‘rmon bo‘lgan bo‘lsa, hozirda o‘rmon 29 foizga qisqarganligi, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatib, yomg‘ir tarqalishi va tuproq eroziyasini kuchaytirmoqda. Shri- Lankada kelgusida o‘rmon yerlarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

ad286439-d77d-44ec-bbae-c03b642f1e2c.jpg

Sessiyada FAOning “Dunyo o‘rmonlari – 2018” nomli hisoboti e’lon qilindi. Unda oziq-ovqat xavfsizligi o‘rmonlar bilan chambarchas bog‘liqligi batafsil tahlil qilindi. Xususan, Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM)ning 15-bandi (Yerdagi hayot)ga erishish, ayniqsa, o‘rmonlarni kesishni to‘xtatish va 2020-yilgacha degradatsiyaga uchragan o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha tezkor tadbirlarni ishlab chiqarishga chaqirdi. Bunda mavjud innovatsion texnologiyalar va g‘oyalardan imkon qadar kengroq foydalanish muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Hakimov mamlakatimizda o‘rmon yerlarini kengaytirish va o‘rmonlashtirish ishlari bo‘yicha olib borilgan ishlar, xususan, mintaqamizdagi Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Shuningdek, shahar va shahar atrofidagi o‘rmonchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi yerlarida bioxilma-xillikning hisobini yuritishdagi muammolar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda o‘rmonlarning o‘rni, iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga, xususan, o‘rmonchilikka ta’siri, barqaror dunyo uchun barqaror yog‘och ishlab chiqarishni tashkil etish mavzulari muhokama qilindi va bu boradagi xorijiy davlatlar tajribalari tinglandi. 

O‘zA
2 402