O‘zA O`zbek

05.07.2018 19:12 Chop etish versiyasi

Respublika yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin seminari boshlandi

Jizzax viloyati Zomin tumanidagi so‘lim O‘riklisoy oromgohida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari boshlandi.

Yosh ijodkorlarning bu yilgi seminari Prezidentimiz tomonidan adabiyot va ijod ahliga, yosh iste’dodlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, kitob va kitobxonlikka e’tibor, atoqli adiblarimizning nomi va hurmatini o‘rniga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatayotgan tashabbuslarining, qabul qilgan qarorlarning ijrosi sifatida katta tayyorgarlik bilan boshlandi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yilning aprel, may, iyun oylarida Samarqand, Buxoro, Namangan, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yosh ijodkorlar seminarining hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminarlarda o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etgan 150 nafardan ortiq yosh qalamkashning 80 nafar eng iste’dodlisi Zomin seminariga yetib keldi.

Vatanimizning eng so‘lim, ilhombaxsh go‘shasi bo‘lgan O‘riklisoyda yosh ijodkorlar va ular bilan yuzma yuz uchrashib, saboq berishga kelgan ustoz ijodkorlarni viloyat va Zomin tuman jamoatchiligi, adabiyot ixlosmandlari katta mamnuniyat hamda samimiy mehmondo‘stlik bilan kutib oldi.

O‘riklisoy dam olish manzilida anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlatimiz rahbarining yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, jumladan, bundan yigirma bir yil muqaddam yosh ijodkorlarning Zomin seminarini o‘tkazishga o‘sha paytda Jizzax viloyatining hokimi bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bosh-qosh bo‘lganligi alohida ta’kidlandi. Orada biroz muddat to‘xtab qolgan yosh ijodkorlar o‘quv-seminarini qayta tashkil etish vazifasini belgilab bergani tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Go‘zal va so‘lim O‘riklisoyda yangicha ruhda o‘tkazilayotgan bu galgi seminarda ham yana yangi iste’dod egalari kashf etilishiga ishonch bildirildi.

Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikamizning taniqli ijodkorlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar bo‘yicha sho‘balarda mashg‘ulotlar, mahorat darslari, tabiat qo‘yniga sayohatlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

T. Beknazarov, O‘zA
3 834