O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Razvedkachilar termizda bellashmoqda

Razvedkachilar termizda bellashmoqda

Termiz poligonida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlar o‘rtasida “Eng ilg‘or razvedka guruhi“ tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi harbiy qismlarning yettita razvedka guruhi o‘z bilim va mahoratini keng namoyish etayotir.

Tanlov shartlariga ko‘ra, 12 nafar mohir razvedkachidan iborat har bir guruh aholi yashash hududida harakat, “razvedka yo‘lagi“dan o‘tish, o‘tish qiyin bo‘lgan hududda harakatlanish, ya’ni tog‘ tayyorgarligi, razvedkachining yashovchanligini ta’minlash, dushman joylashgan hududni razvedka qilish yo‘nalishlarida o‘zaro bellashmoqda. Shuningdek, hududda razvedkani o‘tkazish, dushman hududidagi minalashtirilgan joylardan, zararlangan hududdan o‘tish, dushman baza ob’ektini yo‘q qilish hamda jangovar razvedka vazifasini bajarish bo‘yicha o‘z salohiyatini sinovdan o‘tkazmoqda.

Joriy yilning 24 avgust kuni yakunlanadigan tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan guruh tanlovning O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

1 650
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA