O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

RASMIY BAYONOT: Dunyo pandemiyasi biz uchun saboq boʻlishi kerak

RASMIY BAYONOT: Dunyo pandemiyasi biz uchun saboq boʻlishi kerak

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning umumiy soni 60 nafarni tashkil etyapti. Hozirgina Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyatidan olingan maʼlumotga koʻra, 13 nafar bemorimizda pnevmoniya alomatlari kuzatilmoqda va ular tegishli davolash muolajalarini olmoqda. Ulardan 4 nafarining ahvoli ogʻir deb baholanib, intensiv-terapiya kurslari amalga oshirilmoqda.

Shu paytga qadar 22 mingga yaqin hamyurtimiz karantin muddatini oʻtab, kasallik yoʻq ekanligi tasdiqlanganligi uchun uyiga javob berildi. Yana 34 ming fuqaromiz tibbiy nazoratda. Ular statsionar va uy sharoitida karantinga olingan. Dunyo hamjamiyatida bugungi kunda 1,5 milliarddan koʻproq odam karantinni oʻtayapti.

Hurmatli yurtdoshlar!

Karantin muddatlariga, karantin va cheklov talablariga toʻliq rioya qilgan holda, kasallik keng koʻlamda epidemiya tarzida tarqalib ketishining oldini olamiz. Dunyo pandemiyasi biz uchun saboq boʻlishi kerak. Kasallik koʻp qayd etilayotgan Xitoy, oʻlim koʻrsatkichi yuqori darajada saqlanib turgan Italiya, AQSH, Ispaniya, Germani va Erondagi holatlar har birimizni hushyorlikka chorlashi shart. Zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmang, ortiqcha muloqotga kirishmang, moboda muloqotda boʻladigan boʻlsangiz masofani saqlang. Doka niqoblarni taqish talablariga toʻliq rioya qiling!

Koronavirus infeksiyasi boʻyicha mamlakatimizda vaziyat jiddiylashib ketmasligiga yoʻl qoʻymaslik, kasallikka chalinganlarni toʻgʻri davolash, muloqotda boʻlganlarni alohidalash bilan shugʻullanayotgan barcha soha vakillari siz uchun ishda boʻlyapti. Sizning esa bu jarayondagi ishtirokingiz juda muhim va uyda qoling!

Aynan mana shu oddiy talablar orqali siz keng koʻlamda olib borilayotgan safarbarlik ishlarining ishtirokchisiga aylanasiz va respublikamizda epidemik barqaror vaziyatni yuzaga keltirish uchun oʻz hissangizni qoʻshgan boʻlasiz.

1 127
OʻzA