O‘zA O`zbek

11.09.2018 18:07 Chop etish versiyasi

“Raqs sehri“ xalqaro festivaliga 20 ta davlatdan mehmonlar kelishi kutilmoqda

“Raqs sehri“ xalqaro festivaliga 20 ta davlatdan mehmonlar kelishi kutilmoqda Xorazm viloyatida joriy yilning 14-16 sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Raqs sehri” xalqaro anʼanaviy festivaliga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Raqs tomosha qilganda, kuy-qoʻshiq tinglaganda inson qalbi zavqqa toʻladi, undan orom oladi. Oʻzbek musiqa va raqs sanʼati uzoq va boy tarixga ega. Birgina Xorazm viloyatini olaylik. “Lazgi” raqsi juda maftunkor boʻlib, mutaxassislarning fikricha uning 100 dan ortiq turlari bor. Tomoshabinga zavq va yaxshilik ulashadigan bu sanʼat yildan-yilga sayqallanib, boyib bormoqda.

Koʻngillarga zavq ulashuvchi, qalblarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi “Raqs sehri” xalqaro ananaviy festivaliga yigirmadan ortiq xorijiy davlatlardan mehmonlar kelishi kutilmoqda. Ayni kunlarda kuzatganimiz Urganch xalqaro aeroportidan to Xiva shahrigacha boʻlgan masofa, umuman viloyatning barcha, shahar, tumanlarining markaziy koʻchalari, aholi gavjum joylariga raqsning sehrli olamidan soʻzlovchi, uning mohiyatini ochib beruvchi bannerlar oʻrnatilib, bayramona bezatilmoqda.

Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro festival oʻzbek raqs sanʼatining oʻziga xosligi va betakrorligining namoyishi boʻladi. Dastlab, Xiva shahridagi “Ichan qalʼa kutubxonasi”da “Buyuk ipak yoʻli boʻylab xalqaro turizmning barqaror rivojlanishida madaniy merosning tutgan oʻrni” mavzusida turizm, tarix, etnografiya, folklor yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, festival doirasida respublikamizning barcha hududlaridan kelgan raqqosa va raqqoslarning, badiiy jamoalarning chiqishlari, folklor etnografik ansambllarning teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari sanʼat ixlosmandlari hamda xorijiy davlatlardan kelgan mehmonlarga taqdim etiladi.

Tasviriy va amaliy sanat koʻrgazmalari, hunarmandlik ishlari yarmarkalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ahmadjon Shokirov, OʻzA
2 348