O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

“Raqs sehri” xalqaro festivali davom etmoqda

“Raqs sehri” xalqaro festivali davom etmoqda

Milliy raqs sanʼatimizni targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Raqs sehri” xalqaro festivaliga bu yil ham katta tayyorgarlik koʻrildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu madaniy tadbir milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va sanʼatimizni ulugʻlashi bilan ham ahamiyatlidir. Festival tantanali ochilish marosimi Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasining “Ota darvoza” majmuasi oldida oʻtkazildi.

Tarjima talab etmaydigan raqs sanʼati bayramida koʻplab xorijiy va mahalliy mehmonlar ishtirok etmoqda. Ular orasida mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus vakillari ham bor. Soʻzga chiqqan martabali mehmonlar yurtimizda madaniyat va sanʼat, turizm sohalariga qaratilayotgan eʼtiborni alohida taʼkidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Ishtirokchi jamoalar oʻz davlat bayroqlari ostida saf tortdilar. Ular orasida Angliya, Italiya, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Kuvayt, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlar vakillarini koʻrish mumkin.

– Men ushbu xalqaro festivalda ikkinchi marotaba qatnashayapman, – dedi Asri Dive Xapsari (Indoneziya). – Bu galgi festivalga yil davomida katta tayyorgarlik koʻrib keldim. Ijro dasturimdan milliy, zamonaviy hamda Xorazm raqslari bilan uygʻunlashgan qadimiy raqs namunalari joy olgan. Bu yilgi bayramda ishtirokchilarning ancha koʻpaygani festivalning xalqaro miqyosda nufuzi yanada oshganidan dalolat beradi.

Festivalda yurtimizning turli hududlaridan va qator xorijiy davlatlardan kelgan sanʼatkorlar oʻz badiiy chiqishlari bilan ishtirok etmoqda. Tadbir dasturi nihoyatda rang-barang boʻlib, undan koʻplab namoyish va koʻrgazmalar ham oʻrin olgan. Milliy liboslar koʻrgazmasi festivalning dastlabki tadbirlaridan biri boʻldi. Unda Xorazm viloyatining bir qator iqtidorli dizaynerlari oʻz liboslari kolleksiyasini namoyish etdi.

– Men bugun “Oʻzbegim ayoli” deb nomlangan kolleksiyamni namoyish qildim, – deydi urganchlik dizayner Gulnora Olloyorova. – Ular asosan milliy matolar va bezaklarimizdan foydalangan holda zamonaviy koʻrinishda yaratilgan. Shuningdek, Xorazm viloyatiga xos boʻlgan anʼanalarni davom ettirgan holda tikilgan ushbu liboslar oʻrta va katta yoshdagi ayollarga moʻljallangan. Xalqaro festivalda ishtirok etish uchun kelgan xorijlik mehmonlar mening ijod va mehnat mahsulimga katta qiziqish bildirdi. Ayrimlaridan buyurtmalar ham qabul qildim.

Xalqaro festival doirasida animatsion shoular, sahnalashtirilgan tomoshalar, qoʻgʻirchoq teatri, hunarmandlar koʻrgazmasi, milliy taomlar, xalq oʻyinlari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari kabi tadbirlarga ham keng oʻrin berilgan. Festivalni tomosha qilish uchun kelgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga yurtimiz noz-neʼmatlarini oʻzida jamlagan koʻrgazmalar, milliy taomlarimiz va Xorazm nonlarining tayyorlanishi jarayonlarini aks ettiruvchi tadbirlar ham namoyish etildi.

Ayni damda stilist va sartaroshlar tanlovi, milliy xalq oʻyinlari boʻyicha musobaqa, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmasi, “Oʻzbekiston Milliy raqs sanʼati” fotokoʻrgazmasi hamda “Raqs sanʼatida milliy anʼanalarning ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

16-sentyabr kuni “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasining “Koʻhna ark” maydonida boʻlib oʻtgan gala konsertda qator yoʻnalishlarda nominatsiya gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

2 268
Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA