O‘zA O`zbek

14.09.2018 22:24 Chop etish versiyasi

“Raqs sehri”xalqaro festivali

“Raqs sehri”xalqaro festivali Xorazmda 14-16 sentyabr kunlari “Raqs sehri” xalqaro festivali boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan festivalning ochilish marosimi Xiva shahridagi “Ichanqalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida boʻlib oʻtdi.

Festivalda yurtimizning turli hududlaridan va qator xorijiy davlatlardankelgan sanʼatkorlar oʻz badiiy chiqishlari bilan ishtirok etadi. Milliy raqs sanʼatimizni dunyoga targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan festivalga joriy yilda ham puxta tayyorgarlik koʻrildi.

“Raqs sehri” xalqaro festivalida 10 dan ziyod mamlakatdan mehmonlar vabadiiy jamoalar ishtirok etayotir.

– Xivani ertaknamo shahar deb eshitgan edim, – deydi polshalik sayyoh Kasha Beyjik. – Qarang, bugun oʻzim bunga guvoh boʻlib turibman. Sayohatimiz mana shunday raqs festivali boʻlib oʻtadigan kunlarga toʻgʻri kelganidan nihoyatda xursandmiz. Axir, bunday imkoniyat yana boʻladimi-yoʻqmi, nomaʼlum. Rosti, milliy raqslaringiz jozibasidan sehrlanib qoldik goʻyo. Fursatdan foydalanib, hamrohlarim bilan birga raqslaringizning ayrim harakatlarini oʻrganamiz. Bu yerdan olgan taassurotlarimizni oʻz yurtimizda yaqinlarimizga albatta soʻzlab beramiz.

Uch kun davom etadigan festival doirasida raqs ustalari tomonidan mahorat darslari, ijodiy suhbatlar, ansambllarning chiqishlari, sahnalashtirilgan tomoshalar, turli koʻrgazmalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Raqs insonga samimiyat va yaxshilik kabi tuygʻularni baxsh etadigan nihoyatda nozik sanʼat turi. Aslida, eng dilbar tuygʻular bilan chambarchas bogʻliq raqslarda millatning qadim oʻtmishidan to bugungi kunigacha oʻz aksini topadi. Binobarin, raqslarimizda koʻhna zamin tarixi, xalqimizning oʻziga xos anʼanalari aks etadi.

Festivalning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov soʻzga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat) OʻzA
2 903