O‘zA O`zbek

10.09.2020 Chop etish versiyasi

Raqamli tibbiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Raqamli tibbiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tomonidan Hindistonning Mehnat va bandlik vazirligi hamda Hindistonning Kanadadagi elchisi ishtirokida raqamli tibbiyotni rivojlantirishga oid ilmiy-amaliy videokonferensiya oʻtkazildi.

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, tadbirda “Cyber Patient” – bemorlar bilan onlayn-simulyatsiya munosabatlari oʻrnatish uchun innovatsion platforma imkoniyatlari muhokama qilindi.

Milliy palata tomonidan “Cyber Patient”ning hududiy direktori, professor Karim Qayum rahbarligidagi kanadalik ishlab chiqaruvchilar jamoasi bilan yaqin hamkorlik oʻrnatilgan.

photo_2020-09-10_19-07-48.jpg

Milliy palata raisi Ravshan Izamov shu yilning aprel oyida Oʻzbekistonning tibbiyot jamoatchiligiga kanadalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan bemalol kirish uchun “Cyber Patient” onlayn simulyatori http://www.cyberpatient.ca/. havola orqali ochilgani haqida Milliy palata tomonidan maʼlum qilinganligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, milliy palataning hududiy boʻlinmalari “Cyber Patient” va boshqa raqamli platforma imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislari hamda boʻlajak shifokorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib turiladi.

Hindiston mehnat va bandlik vaziri Shri Santosh Gangvar mazkur muhokamani tashkil etgani hamda Kanadaning raqamli platformasi bilan tanishishda koʻmaklashgani uchun Milliy palataga minnatdorlik bildirdi. U mazkur yangilik mamlakatdagi mavjud tibbiy maʼlumotga muhim qoʻshimcha ekanligini taʼkidladi.

photo_2020-09-10_19-06-29.jpg

«Ushbu onlayn-uskuna talabalarga muayyan kasallik boʻyicha toʻliq maʼlumot olishga yoʻl ochib beradi. Bu model oʻquvchiga bemorni qabul qilib olingandan to sogʻayib chiqib ketguniga qadar kuzatish imkonini berib, tibbiy taʼlimdagi boʻshliqni toʻldiradi.

Endi talabalar oʻqishning dastlabki bosqichlarida oʻzlari duch kelgan holatlarga qaytishlari mumkin, yaʼni ushbu muayyan kasallikni tashhislash va davolashning bir muncha murakkab jihatlarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladilar. “Cyber Patient” shifokor va bemorning oʻzaro aloqasini aniqroq modellashtirish maqsadida ishlab chiqilgan», – dedi Hindiston vaziri.

Forum davomida Hindistonning Kanadadagi Favqulodda va muxtor elchisi Adjay Bisaria platforma yaratishda Kanadaning muallifligini inobatga ola turib, texnologik olamdagi kashfiyotlar nafaqat bu ikki mamlakatni, balki butun dunyoni bir-biriga yaqinlashtirishini taʼkidladi.

photo_2020-09-10_19-06-35.jpg


4 129
OʻzA