O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Raqamli iqtisodiyot: muammolar va imkoniyatlar

Raqamli iqtisodiyot: muammolar va imkoniyatlar

Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasi tomonidan “Davlat boshqaruvini samarali rivojlantirish va raqamli transformatsiyaga koʻmaklashish” loyihasi doirasida seminar oʻtkazildi. Tadbirda vazirliklar, davlat idoralari, qoʻmitalar vakillari va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

“Raqamli iqtisodiyotning dunyoda rivojlanish tendensiyalari. Oʻzbekistonda rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi seminarni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat boʻyicha xalqaro ekspert Daniyel Mensi olib bordi.

Daniyel Mensi bugungi kunda raqamli iqtisodiyot eng koʻp rivojlangan mamlakatlar bu AQSH va Xitoy ekanini taʼkidlab, dunyo boʻyicha blokcheyn texnologiyalarga doir patentlarning 75 foizi aynan shu davlatlarga toʻgʻri kelishini aytdi. Oʻz navbatida internet mahsulotlarining 50 foizini shu davlatlar aholisi isteʼmol qiladi.

Blokcheyn texnologiyalari tomonlarning hech qanday vositachisiz bitimlarni xavfsiz, ishonchli amalga oshirishga imkon beruvchi texnologiyadir. Uni koʻpchilik kriptovalyuta texnologiyasi sifatida bilsa-da, aslida blokcheyndan raqamli identifikatsiya, egalik va mulkiy huquqlar ximoyasi, toʻlov tizimi sifatida foydalanish mumkin. Ethereum kabi blokcheyn bazasida ishlaydigan ochiq manbali platformalar anʼanaviy huquqiy jarayonlarsiz har qanday aktivlar boʻyicha bitimlar tuzish, bank xizmatlarini koʻrsatish imkonini beradi. Hozirda jahonning turli mamlakatlarida moliyaviy texnologiyalar, yer resurslarini boshqarish, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim sohalarida blokcheyn tizimidan foydalaniladi. Blokcheyn tizimi har qanday sohaning shaffoflik darajasini oshiradi, korrupsiya holatlarining kamayishiga xizmat qiladi.

Maʼruzachi, shuningdek, beshinchi avlod (5G) mobil texnologiyasi haqida maʼlumotlar berdi. Aloqa sifati va maʼlumotlarni uzatish tezligining yuqoriligi, energetik samaradorligi inson salomatligiga zararsiz ekanligidan tashqari, bu texnologiya foydalanuvchilarga yangidan yangi imkoniyatlarni beradi. Masalan, internet mahsulotlari, keng polosali mediaservislardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, tabiiy ofatlar boʻlgan joylarda ham aloqa oʻrnatish imkonini beradi.

Raqamli maʼlumotlar qimmatbaho iqtisodiy resurs hisoblansa-da, u raqamli tafakkurga aylanganidagina foyda keltiradi. Raqamli iqtisodiyot kirib kelishi bilan raqamli platformalar yaratish va tez surʼatlarda oʻsib borayotgan raqamli maʼlumotlarni monetizatsiya qilish muammolari vujudga kelmoqda. Bunda qiymat yarata olish yoʻllarini, mazkur jarayonlardagi toʻsiqlarni bartaraf etish vositalarini aniqlash muhimdir. Bu qiymatni yaratish va tarqatish salohiyatini, qiymatni yangilash, boshqarish hamda qiymatni qoʻlga kiritish shakllarini tushunish imkonini beradi. Seminar xulosalariga koʻra raqamli iqtisodiyotni dunyoning barcha mamlakatlarida rivojlantirish zarurligi, raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayonini tezlashtirish lozimligi qayd etildi.

2 058
OʻzA