O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Ramazon hayitini oila davrasida nishonlashadi

Ramazon hayitini oila davrasida nishonlashadi

Prezidentimizning tegishli farmoniga koʻra, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan Respublika boʻyicha 258 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilganlar orasida Buxoro viloyatidagi 20-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan bir nafar shaxs ozod etilib yashash joyiga joʻnatildi hamda bir nafar shaxsning jazo muddati qisqartirildi. Respublikaning boshqa hududlaridagi muassasalarida jazo oʻtayotgan 8 nafar buxorolik fuqarolar ham afv etildi. Ularning 3 nafari toʻliq jazodan ozod etilib, yashash joyiga yuborildi. 5 nafarining jazo muddati qisqartirildi.

Afv etilganlarning 3 nafari Gʻijduvon tumanidan boʻlib, bir nafari oʻgʻrilik va 2 nafari jamoat xavfsizligi bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganligi uchun turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Viloyat IIB Axborot xizmatining xabariga koʻra, yashash joyiga yetib kelgan ushbu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuvi boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda. Yaqin kunlarda bandligini taʼminlash va fuqarolik pasportlarini olishlari boʻyicha amaliy yordam koʻrsatiladi.

751
Zarif Komilov, OʻzA