O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Ramazon hayiti – mehr oqibat bayrami

Ramazon hayiti – mehr oqibat bayrami

Ertaga xalqimiz uchun ulugʻ ayyom – Ramazon hayiti bayrami. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni hech boʻlmasa telefon orqali yoʻqlab, muhtojlarga mehr-muruvvat koʻrsatish bilan oʻtkazish maqsadga muvofiq.

Har yili muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilinadi. Mazkur qaror xalqimizning kayfiyatiga yana-da koʻtarinkilik bagʻishlaydi.

Ramazon oyini qanday ixlos, gʻayrat va sabr bilan oʻtkazgan boʻlsak, bu bayramni ham undan-da aʼloroq, undan-da fayzliroq qilib oʻtkazishimiz kerak boʻladi. Bu bayramning birinchi kunini dam olish kuni, deb eʼlon qilinishi uning fayzini, sharafini, tarovatini yana-da oshirib yuboradi. Hayitning mazmun-mohiyatida koʻngillarga xushnudlik, sevinch, jismga rohat bagʻishlash, doʻstlar, yaqinlar oʻrtasida muhabbat, qarindoshlar, qardoshlar orasida mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga yordam va saxovat koʻrsatishga chorlash mujassamdir.

Odatda bayramlarda jamiyat axloqi, istak va mayllari, urf-odatlari har qachongidan qalqib, boʻrtib koʻrinadi. Shu bois, Ramazon oyi davomida boʻlgani kabi hayit arafasida ham mehr-muhabbat, oʻzaro yordam, saxovat va hayo, yetim va hojatmandlar holidan xabar olish, keksalarni qadrlash va hurmatlarini joyiga qoʻyish, ota-onalarga har qachongidan koʻra eʼtibor koʻrsatish, umuman insonlar oʻrtasida mehr-oqibatni yana-da kuchaytirish talab etiladi.

Sardoba suv omboridagi texnogen vaziyat butun Oʻzbekiston ahlini oyoqqa qoʻydi. Suv toshqinidan jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlashga bel bogʻlagan saxovatpesha insonlar davlat va jamoat tashkilotlarining saxovat karvonlari Sirdaryoga yoʻl oldi.

Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidan suv toshqinida zarar koʻrgan 4,5 mingga yaqin xonadon egalarining har biri uchun 3 ta massivda quriladigan 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy, har bir xonadon egalariga 40 million soʻmlik moddiy yordam, 6 turdagi uy-roʻzgʻor maishiy texnikasi uchun sertifikatlarning topshirilishi otalarcha gʻamxoʻrlik boʻldi.

Darhaqiqat, inson borki oʻzini boshqalardan behojat his qila olmaydi. Shunday ekan, bu ulugʻ kunlarda boshqa insonlardan xabar olib, muhtojlarga qoʻldan kelgancha ham maʼnan, ham moddiy koʻmak berib, ularning koʻngillariga ham xursandchilik va bayramona kayfiyat kiritish har birimizning burchimizdir.

Ayniqsa, asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi toshqin oqibatida jabr koʻrgan aholiga koʻmak berish uchun 15 million AQSH dollari miqdorida xayriya mablagʻini ajratib, minglab vatandoshlarining eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Darhaqiqat, suv toshqini yuz bergan kunning ertasigayoq boshlangan xayr-saxovat tadbirlaridan respublikamizning barcha viloyatlari, vazirliklar, tashkilot va idoralar, NNTlar, yozuvchi va shoirlar, sportchilar, sanʼatkorlar va albatta oddiy odamlar ham chetda qolmadi.

Yurtimizda tinchlik osoyishtalik hukm surmoqda. Bu tinchlikning qadriga yetmogʻimiz, uni asrab avaylash uchun har birimiz harakat qilmogʻimiz lozim. Chunki bu dorulomon kunlarga oʻz-oʻzidan erishilayotgani yoʻq. Mana shu haqiqatni har birimiz teran anglamogʻimiz, uni oʻsib kelayotgan yosh avlod ongiga chuqur singdirish yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarimiz anʼanalariga sadoqat, halollik, poklik, maʼnaviy-axloqiy barkamollik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlar yoʻlida barchamiz hamkor va hamjihatlikda astoydil harakat qilmogʻimiz lozim. Muhtaram yurtboshimizning oʻrtaga tashlagan “Oʻz bolangni oʻzing asra!” shiorlarini dasturulamal qilgan holda, farzandlarimizga birgalikda toʻgʻri tarbiya berib, kelajaklari uchun qaygʻurib yashaylik.

Shu oʻrinda hayit arafasida qayta-qayta takrorlanadigan yana bir gapni eslatib oʻtmoqchimiz: hayit – baʼzi joylarda boʻlayotganiday azaxonlik, taʼziyaxonlik marosimi emas. Ushbu shodiyona kun hammamizga ardoqli ota-onalarimiz, qavm-qarindoshlarimiz, ulugʻlarimiz bilan boʻlib ularning duolarini olish, betob, muhtoj, dindoshlarimiz, umuman barcha insonlar holidan xabardor boʻlish, yordamga muhtoj kishilarga qoʻlidan kelganicha xayr-saxovat koʻrsatish, bir-birlarimizni hayit bilan muborakbod etish, eski gina-kuduratlarni unutib, insoniy munosabatlarni tiklab olish bayram kunlaridagi eng muhim vazifalaridan sanaladi.

Gʻaybulla YUSUPOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari

854
O'zA