O‘zA O`zbek

09.08.2018 11:32 Chop etish versiyasi

Rajabboy AHMADZODA: do‘stona aloqalar iqtisodiyot o‘sishiga ham xizmat qiladi


O‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Tojikiston bo‘ylab tashkil etilgan tanishuv safari davom etmoqda.

O‘zbek va tojik xalqini azaliy birodarlik, yaqin qardoshlik rishtalari birlashtirib turadi. Shu bois O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda do‘stona davom etayotganidan xalqlarimiz mamnun.

So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri bilan suhbatda bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:

– Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, hunarmandlik, madaniy-ma’rifiy, ilm-fan sohasida juda yaqin va samarali hamkorlik rivojlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Xalqlarimiz o‘rtasida bordi-keldi qayta tiklandi.

Viza rejimi soddalashtirildi. Hozir Tojikiston fuqarolari O‘zbekiston havo yo‘llari orqali boshqa mamlakatlarga ham parvoz qilmoqda. Bu ham fuqarolarimiz uchun qulaylik bo‘ldi. Bir kunda taxminan 3 ming Tojikiston fuqarosi O‘zbekistonga bormoqda. Va shuncha o‘zbek birodarlarimiz bizda mehmon bo‘lmoqda. Bularning barchasi ikki davlat rahbarining do‘stona munosabati, yaqin qo‘shnichilik aloqalari tufaylidir. 

Bu aloqalar har ikki davlat iqtisodiyotining o‘sishiga, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. O‘zbekiston va Tojikiston har tomonlama aloqalarni rivojlantirsa mamlakatlarimiz yanada taraqqiy etadi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi innovatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston sezilarli darajada rivojlanyapti. Ayniqsa, zamonaviy issiqxona tashkil etish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislar katta tajribaga ega. Maqsadimiz o‘zaro hamkorlikda ushbu innovatsiyani Tojikistonda ham joriy etish.

Yaqin kunlarda Prezidentimiz Imomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifidan barchamizning umidimiz katta. Ishonamizki, bu tashrif har ikki mamlakat va xalqlarimiz uchun samarali bo‘ladi, yana ko‘plab do‘stona kelishuvlarga erishamiz.

N. Nasriyev, O‘zA
1 955