O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Rahmat Mamatov: Surxondaryoning har qarich yeri oltinga teng

Rahmat Mamatov: Surxondaryoning har qarich yeri oltinga teng

Yer bilan tillashib, yerga mehr berib yashaydigan mirishkor xalqimiz uchun bugungi kunlarning har oni gʻanimat, har bir kuni katta imkoniyat. Shunday ekan ertangi moʻl hosil uchun hozir mehnat qilish, fursatni qoʻldan bermay ona zaminga urugʻ qadash bir qarich boʻlsada tomorqasi bor yurtdoshimiz uchun asosiy maqsaddir. Respublikamizning eng janubiy hududi boʻlmish Surxondaryo viloyati aholisining ham bugun qoʻli-qoʻliga tegmaydi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov boshchiligidagi Ishchi guruh vakillarining viloyat mahallalari boʻylab oʻtkazayotgan oʻrganishlari davomida birinchi galdagi asosiy eʼtibor odamlarimizning tomorqa yer maydonlaridan qay darajada samarali foydalanayotganligiga qaratildi.

Boysun tumanida hozirgi vaqtda 39 ta fuqarolar yigʻini boʻlib, hududdagi 5361 xonadon oʻz tomorqa yeriga ega. Ishchi guruh tomonidan aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, tumandagi “Pulxokim”, “Dashtigʻoz”, “Inkobod”, “Koʻchkak”, “Qoʻlqamish”, “Sayrob”, “Chilonzor”, “Darband”, “Shoʻrsoy” mahallalardagi baʼzi xonadonlarda bahorgi ekin ekish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

R.Mamatov mazkur mahalla raislariga bugungi sinovli kunlarda har bir oilani zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda tomorqa yerlarining ahamiyati haqida aytib oʻtar ekan, “odamlarimizga oʻz mehnatidan rohat topishni, buning uchun imkon qadar boʻsh tomorqalardan unumli foydalanishning ahamiyati qanchalik muhim ekanligini tushuntira olishimiz kerak” deya mutasaddilarni bu borda yana-da jonbozlik koʻrsatishga chaqirdi.

“Temir darvoza” Boysun tumanidagi eng katta mahallalardan biri boʻlib, undagi 676 ta xonadonda 3900 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla raisi M.Botirovning taʼkidlashicha, hududda 145 ga. ekin ekiladigan yer maydoni mavjud boʻlib, mahalla ahli undan unumli foydalanish maqsadida bir qarich yerni ham boʻsh qoldirgani yoʻq. Mahalla raisining aytganicha bor: qay bir uyga kirsangiz, mevali daraxtlardan tortib poliz mahsulotlarigacha ekib, parvarish qilinayotganligiga guvoh boʻlasiz.

Ishchi guruhning Sherobod tumanida olib borgan faoliyati davomida ham deyarli barcha xonadon tomorqalari atroflicha oʻrganildi. Hozirda tumandagi mavjud 48 ta fuqarolar yigʻini raislari va faollari tomorqadan unumli foydalanish borasida aholi orasida doimiy tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Shuningdek, ekin ekilmagan yer egalari ogohlantirilib, ularga amaliy yordam berilmoqda. Natijada bugun tumandagi 4 712 gektar ekin maydonining 2011 gektariga toʻqsonbosdi ekinlari, 2481 gektar maydoniga esa ertaki ekinlar ekilib, hatto baʼzi mahsulotlardan birinchi hosil olishga ham erishildi.

— Tumanimizda 34 364 ta xonadon, 44 439 ta oila mavjud boʻlib, shularning 630 tasi kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan, — deydi Sherobod tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Raʼno Xolmirzayeva. — Hududdagi ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Natijada joriy yilning birinchi choragida 25 nafar xotin-qiz oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshladi hamda buning natijasida qoʻshimcha 32 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan 424 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlanib, 223 nafari doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Yana 42 nafarining kasbga yoʻnaltirish markazlarida oʻqishi taʼminlandi.

Qumqoʻrgʻon tumanida hozirda 61 ta fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, 37 134 ta xonadon oʻz tomorqa yeriga ega.

R.Mamatov hududdagi aholi tomorqalari bilan ham atroflicha tanishar ekan, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda,har bir mahalladagi tomorqadan unumli foydalanmayotgan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻrganishlar davomida joriy yilning shu vaqtiga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan tumandagi 4468 ta xonadon egalari bilan tomorqa xizmati koʻrsatish shartnomalari imzolanganligi aniqlandi. Shuningdek, 26 ta xonadonda 1-2 sotixli, jami 0,49 gektar maydonda issiqxonalar qurish rejalashtirilgan. Hozirda ularning ish boshlashi uchun 12,5 ming dona meva va sabzavot koʻchatlari, 0,6 tonna kartoshka va 9 kg sabzavot urugʻlari yetkazib berilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi xonadonlariga bepul sabzavot koʻchatlari tarqatish uchun mahalliy byudjetdan 40 mln. soʻm ajratilib, aholiga 2666 ming dona sabzavot koʻchatlari begʻaraz tarqatildi.

– Surxondaryoning har qarich yeri oltinga teng, – deydi R.Mamatov. – Undan unumli foydalana olgan kishi hech qachon muhtojlik koʻrmaydi, birovning qoʻliga qarab qolmaydi. Unutmasligimiz kerakki, har bir qilayotgan ishimiz, koʻrsatayotgan yordamimiz, xalqimizning roziligi, odamlarimiz turmush tarzini yaxshilash uchundir, Hozirgi sinovli kunlarda bizdan bu borada yana-da fidoyilik, yana-da matonat talab etiladi. Ishonamanki, bu ishonchni oqlash uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilamiz.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vazirligi Matbuot xizmati

3 342
OʻzA