O‘zA O`zbek

13.08.2018 12:49 Chop etish versiyasi

Rahbariyatda ishlayotgan birinchi amerikalik o‘zbek

Rahbariyatda ishlayotgan birinchi amerikalik o‘zbek

Otabek Nazirov 2018-yilning bahorida Toshkentga ko‘chganida unga Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir muovini, degan lavozim taklif qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Nazirov boshqa ishga – Xalq ta’limi vazirligiga o‘tdi. Hozir u yerda vazir muovini.

43 yoshli vatandosh chorak asr mobaynida Amerika va Yevropada yashagan, ishlagan. 18 yoshida oilasi bilan Toshkentdan okean ortiga – Amerikaga yo‘l olgan. Oliy ta’lim va kasbiy faoliyati G‘arb bilan bog‘liq. Siyosiy tajribaga ega emas, oldin biror hukumat yoki boshqaruv lavozimida ishlamagan.

Lekin Nazirovning o‘ziga ishonchi baland. Bank va moliya sohasidagi bilim va tajribasi ona yurtida qo‘l kelib, tizimni yangilash uchun xizmat qiladi, degan umidda.

“Amerika Ovozi” bilan Toshkentdagi yangi idorasida o‘tirib, erkin suhbat qilar ekan, Nazirov kechinmalarini yashirmadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidagi issiqqina o‘rnidan voz kechib, O‘zbekistonning ta’lim tizimini rivojlantirishga bel bog‘laganini tushuntiradi.

Navbahor Imamova: – Otabek, biz siz bilan bir-birimizni 2005-yildan beri taniymiz. Bundan 13 yil oldin kasbiy faoliyatimizning AQSH poytaxtidagi ilk yillarida O‘zbekiston haqida, kelajak haqida gaplashganimizda sizning ham, mening ham xayolimizga mana shunday kunlar kelishi kelmagan, ya’ni, men Toshkentda Xalq ta’limidek vazirlikda yonma-yon o‘tirib, siz bilan islohotlar haqida gaplashaman,

Otabek Nazirovni Amerikadan O‘zbekistonga nima sabablar olib kelgani haqida suhbatlashaman, deb o‘ylamagan edim. Katta rahmat, bebaho vaqtingizni ajratganingiz uchun.

Otabek Nazirov: – Odam o‘ylamagan ishlar bo‘lmoqda. Xabaringiz bor, hozir Vatanimizda shunday muhim o‘zgarishlar bo‘layapti. Shuning uchun ham bizga o‘xshab musofirchilikda yurgan vatandoshlarimiz, biz ham ana shu jarayonlarda ishtirok etsak, biz ham kuchimizni bag‘ishlasak bo‘larmikan, deb niyat qilib yuribdi. Omadimiz bor ekan, shunday katta ishonch va mas’uliyat berildi. Bu yerga ana shunday niyatlar bilan keldim.

Navbahor Imamova: – Omad degan narsa bor, bu aniq, lekin harakatda barakat, ya’ni xohlash mumkin, lekin harakat qilmasang, hech narsa bo‘lmaydi. 2005-yilda siz bilan ilk suhbatimiz O‘zbekiston kelajagi haqida bo‘lgan edi. Qachon O‘zbekistonda imkoniyatlar davri boshlanadi, o‘zi imkoniyatlarni kim ochib berishi kerak, nima qilish kerak degan savollar... Lekin siz aynan hozir kelishni ma’qul ko‘rdingiz, aynan 2018-yilning bahorida shunday qarorga keldingiz. Albatta shoshmadingiz, chunki siz bilan o‘tgan yili Nyu-Yorkda ham gaplashgan edik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqqan paytda biznes forumda ancha gaplashgan edik. U paytda hali qaror qilmagan edingiz... Nega aynan hozir keldingiz hukumatga?

Otabek Nazirov: – Bu savolingizga javob bitta – har narsaning o‘z vaqti bo‘lar ekan. Boya aytganingizdek, harakatda barakat. Menimcha, bugungi kunlarga o‘tgan kunlar va o‘tgan yillarning hissasi bo‘lgan. Bu qadam-baqadam pishayotgan narsa, pishgandan keyin mana qaytib keldik.

Navbahor Imamova: – Va buni o‘zingiz his qildingiz?

Otabek Nazirov: – To‘ppa-to‘g‘ri.

Navbahor Imamova: – Va shu paytgacha O‘zbekiston hukumatiga qo‘shilaman, shu tizimda ishlayman, deb yurgan odamlardan farqli o‘laroq, siz o‘zingiz topdingiz bu imkoniyatni.

Otabek Nazirov: – Albatta, odam o‘z harakatini qilishi kerak. Chetda turib hech kim sizga taklif bermaydi yoki qandaydir vazifalarni topshirmaydi.

Navbahor Imamova: – Telefon qilib, iltimos, shu lavozimga kel, demaydi…

Otabek Nazirov: – Albatta. Menda bir narsa bo‘lgan, xabaringiz bor, oxirgi 8 yilda Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida ishlab yurgan paytimda asosiy mijozlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan. Shu 8 yil ichida O‘zbekiston atrofidagi Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston bilan ishlaganman. O‘tgan yili bizning bankimizni O‘zbekistonga qayta taklif qilishdi. Ana shundan keyin men ham o‘z tashabbusimni qo‘shib, Yevropa bankini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishchi guruhga qo‘shildim. Ana shu harakatda ko‘p odamlar bilan tanishdim. Ko‘p takliflar bo‘ldi. Natijada eng mos kelgan taklif tushdi. Albatta, qanday qilib yo‘q, deysiz? Bu hayotda balki bir marta bo‘ladigan imkoniyatdir. Bu menimcha, 43 yilda tayyor bo‘lib kelgan qaror.

Navbahor Imamova: – Bu og‘ir, chunki siz nafaqat AQSHda, balki Yevropada ham professional yutuqlarga erishib, hozir aytib o‘tganingizdek, komfort hududida bemalol yashashingiz va u yerdan turib ham O‘zbekistondagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishingiz mumkin edi. Ana shu bankdan turib ham O‘zbekiston taraqqiyoti uchun hissa qo‘shishingiz mumkin edi. Lekin siz mana hozir Xalq ta’limi vazirligi uchun ajratilgan yangi, hali ta’mirdan chiqmagan binoda o‘tiribsiz. Avvalo, siz boshqa vazirlikda ish boshlagan edingiz, innovatsiya sohasida, lekin oradan ko‘p o‘tmay, sizni boshqa vazirlikka olib kelishdi. Ana shu jarayon haqida gapirib bering. Qayerda ish boshladingiz va hozir qayerdasiz?

Otabek Nazirov: – Birinchi taklif Innovatsion rivojlanish vazirligidan bo‘lgan. Bu yangi vazirlik o‘tgan yilning oxirida tashkil etilgan. Bu yil innovatsion rivojlanish maqsadlarini aks etgan yil bo‘ldi. Bu Prezidentimizning o‘z fikrlari edi, chunki innovatsiyasiz davlatlar rivojlanmaydi. Ana shu vazirlikda bo‘sh ish o‘rni bo‘lgan ekan, menga taklif qilishdi.

Qiziq soha, mening asosiy vazifalarimdan biri moliya sohasida innovatsion takliflarni kiritish edi. 6 hafta ishladim, ko‘p narsalarni o‘rgandim. Meni bilasiz, umuman davlatda ishlamagan odamman. Siyosiy tajribam yo‘q. Shuning uchun ham birinchi kelganimda biroz moslashishga urinish holatida bo‘lganman. Bu tizimning har bir davlatdagi kabi o‘z reglamentlari bor.

Navbahor Imamova: – Sizda siyosiy tajriba yo‘q edi... Lekin kelishingizdan oldin men siz bilan qisqacha gaplashganimda ruhan tayyor edingiz. Bu ham qiziq edi.

Otabek Nazirov: – Tayyor bo‘lganim – niyatim bor edi. Bu eng asosiy narsa. Bir odam o‘ziga niyat qilib qo‘ygandan keyin qolgan narsani o‘rgatish mumkin. Odamda moslashuvchanlik bo‘lishi kerak.

Navbahor Imamova: – “O‘zingni o‘tga tashlama, kerakmi senga shu narsa hozir”, degan maslahatlar berishmadimi?

Otabek Nazirov: – 90 foiz odam maslahatlashganimda, surishtirganimda hayron bo‘lishgan, siz aytganingizdek, komfort hududing bor, yuribsan, nima keragi bor, deb. Lekin odam qandaydir yo‘lni o‘tgandan keyin o‘zining kelajagiga niyatlari bo‘larkan: xo‘sh, ishlading, o‘rganding, keyingisi nima? Olgan bilimingiz, tajribangizni yana qayerda ishlatsa bo‘ladi? Vatanda!!! Mana, hozir shunday imkoniyatlar ochilgan ekan, nima uchun yo‘q, deyish kerak? Men shuni o‘ylaganman. Rahbarlarga katta rahmat deyman, O‘zbekiston rahbarlariga, Prezidentimizga, mana shunday imkon berib qo‘yib, yo‘llarni ochib qo‘ymoqdalar. Bu judayam katta yutuq.
Innovatsion rivojlanish vazirligida ish boshlab, keyin Xalq ta’limi vazirligiga kelganimga to‘xtalsam, ta’lim tizimi oxirgi 25 yilda juda ham kam ahamiyat berilgan soha ekan. Muammolar juda ko‘p. Ekspertlar, o‘qituvchilar kam. Bizning vazirimiz Sherzod Shermatov bilan Innovatsion rivojlanish vazirligida birga ishlayotgan edik, ularga shunday taklif keldi: shu vazirlikka ko‘proq ahamiyat berish kerak ekan, komanda yig‘ib kela olasanmi, deb taklif berilgan edi.

Navbahor Imamova: – Qiziq bu, chunki xalq ta’limini yaxshilamasdan turib, qanaqa innovatsiya haqida gapirish mumkin?

Otabek Nazirov: – To‘ppa-to‘g‘ri. Agar biz ta’lim sohasiga hozir ahamiyat bermasak, keyin qiyin bo‘ladi. Shundoq ham ko‘p vaqt boy berildi. Standartlar pastga tushib ketgan, ahamiyat berilmagan, o‘qituvchining obro‘si tushib ketgan. “Agar o‘qituvchining obro‘si bo‘lmasa, qanday qilib bolalarimizga tarbiya beramiz? Qanday qilib biz ularga bilim beramiz?” deb davlat rahbari bizga taklif berdi, biz shu yerga keldik. Mana endi 3 hafta vaqt o‘tdi, ikki kun oldin, xabaringiz bor, Prezident bilan uchrashuv bo‘ldi, hamma rahbarlarni yig‘ib, bizdan hisobot so‘radilar. Nimalarni o‘rgandik, nima takliflarimiz bor, o‘shanda ko‘p-ko‘p fikrlar berildi. Prezidentimiz bizni qo‘llab-quvvatladi. Biz tomonimizdan ta’limni rivojlantirish bo‘yicha berilgan nimaiki fikrimiz bo‘lsa, barchasi tasdiqlandi. Mana endi biz jamoa bo‘lib, birlashib, ishlashimiz shart. Asta-sekin o‘rganib chiqayapman. Bu ham katta tajriba men uchun. Juda katta tajriba. Chunki, bu xususiy sektordan butunlay boshqa narsa.

Navbahor Imamova: – Omad sizga, katta rahmat!

Otabek Nazirov: – Rahmat! Asosiy vazifalarim: moliya, byudjet, rejalashtirish sohasida. Ana shularni bu sohada iloji boricha to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, kerak bo‘lgan moliyani ajratish, o‘qituvchilar maoshini, tizim samaradorligini oshirishdan iborat. Muammolar juda ham ko‘p, bu bir, ikki, uch kunda hal bo‘ladigan ish emas. Ikkita narsaga ahamiyat berishga Prezidentimiz iltimos qildilar: bugungi kunda hal qila olishimiz mumkin bo‘lgan masalalar va strategik masalalar, ya’ni qanday qilib butun ta’lim tizimining metodikasini, boshqaruvini o‘zgartirish, viloyatlarda investitsiya kam bo‘lgan, ko‘rilmagan maktablar bor, ularga qanday qilib moliyani kiritish kabi masalalarda taklif berib, vazifa va maqsadlarni belgilab bergan.

Navbahor Imamova: – Mana, siz uzoq yillar xorijda yashagansiz. Umuman, boshqa bir mentalitetda, boshqacha bir yondashuvda va hozir o‘zgarishi kerak bo‘lgan tizimdasiz, ya’ni islohotlar endi boshlanmoqda. Bu hukumat juda katta o‘zgarishlar qilishni xohlaydi va ularni qanday qilish mumkin, deb savol bilan yuzlanayotgan paytda kirib kelish siz uchun qanchalik qiyin bo‘ldi?

Otabek Nazirov: – Menimcha, bu savolning javobi falsafiy bir javob. Biz baribir o‘zbekistonlikmiz, poydevorimiz shu yerdan. Men masalan, 25 yil xorijda yashagan bo‘lsam ham, 17-18 yoshlarimda chet elga chiqib ketganman. Xorijda o‘rgangan tajribam va o‘zbekchiligimiz o‘rtasida bir muvozanat yarataman, deb o‘zimga maqsad qo‘ygan edim. Shuning uchun ham bu bir tajriba jarayoni. Har kuni o‘rganib, asta-sekin yechimlarni topish kerak.

Navbahor Imamova: – Nima uchun hamma narsa sizga muhayyo bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi? Siz axir bu tizimda ishlash uchun keldingiz.

Otabek Nazirov: – To‘ppa-to‘g‘ri. Lekin kerak paytda, agar qandaydir boshqacha takliflaringiz bo‘lsa, berish kerak. Men bir narsaga xursand bo‘layotganim: kattami-kichikmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu yerda men bilan ishlayotgan xodimlar, rahbarlar eshitishadi va dialog yuzaga keladi.

Navbahor Imamova: – Sizdan o‘rganishmoqchi…

Otabek Nazirov: – Men ham o‘rganayapman, biz bir-birimizdan o‘rganmoqdamiz, bu juda muhim. Lekin bu jarayon bir, ikki, uch kunda bo‘ladigan ish emas.

Navbahor Imamova: – Demak, har kuni siz uchun sinov.

Otabek Nazirov: – Ha.

Navbahor Imamova: – Prezident bilan tez-tez uchrashib turasizmi?

Otabek Nazirov: – Prezident bilan ikki marta uchrashdik.

Navbahor Imamova: – Hammaga juda ham qiziq – chet eldan kelayotgan mutaxassislar O‘zbekistonda nima karomat ko‘rsatishi, nimani qoyillatib berishi mumkin? Chunki bilasiz, xorijda yurgan o‘zbekistonliklardan ham juda ko‘p narsalar kutilyapti. Nafaqat yordam, nafaqat investitsiya, balki intellektual madad, ruhiy madad, to‘g‘rimi? Sizga o‘xshab chet eldan kelib tizimga qo‘shilishni xohlab yurganlar ko‘p. Ular o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin: kim meni quvvatlaydi? Ertaga Toshkentga borsam, atrofimda kim bo‘ladi? Xorijdan borganlar bir-birini qo‘llab-quvvatlay olayaptimi? O‘ziga xos bir doira shakllanganmi? Ularga nima degan bo‘lardingiz?

Otabek Nazirov: – Bitta taklifim bo‘ladi. Ertangi kun, indingi kun, bir yildan keyin nima bo‘ladi, bularni rejalashtirish qiyin. Kelib, boshlash kerak. Tamom. Qaysi bir mamlakatda hozir shunday tarixiy imkoniyatlar yaratilgan? Agar odam, o‘tirib uning hisob-kitobini, tavakkal qilaymi-yo‘qmi, deb xavotirga berilsa, hech qachon qaror qilolmaydi. Boraman, deyish kerak, tayyorman, deyish kerak va kelish kerak!

Navbahor Imamova: – Demak, sinovlarga tayyor turish kerak…

Otabek Nazirov: – Tayyor turish kerak. Misol keltiraman, hozir bizning vazirligimizda juda ham ko‘p imkoniyatlar ochilayapti, yangi boshqarmalar tashkil qilinayapti, yangicha fikrlaydigan odamlarni izlayapmiz. Maktab direktori bo‘lishi mumkin, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbari bo‘lishi mumkin. Bizning Xalq ta’limi vazirligiga ham mutaxassislar kerak.

Tajribasi bormi, yo‘qmi, shu Vatanga xizmat qiladigan ingliz tili yoki matematikadan dars beradigan o‘qituvchi ham bo‘lishi mumkin. Hozirning o‘zida mamlakat bo‘ylab o‘qituvchilik uchun 18 mingta bo‘sh ish o‘rni mavjud.

Navbahor Imamova: – Demak, maorif va ta’lim sohasida ishlab yurgan, o‘ziga xos tajribaga ega o‘zbekistonliklar agar xohlashsa, imkoniyat bor?

Otabek Nazirov: – Juda ham katta imkoniyatlar bor. Men ularning hammalarini taklif qilaman. Kimda qiziqish bo‘lsa, biz hozir hatto elektron pochta ham ochganmiz yoki bizning qabulxonamizga telefon qilishi mumkin. Kim shu Vatanga qaytib, Xalq ta’limi vazirligida ishlashga tayyorman desa, marhamat. Bundan tashqari, hozir davlat va xususiy sektor hamkorligini yo‘lga qo‘yish, xususiy maktablar tashkil qilish bo‘yicha takliflar bo‘lmoqda. Bu ham katta masala.

Navbahor Imamova: – Tizim bilan hali ham ishlash qiyin, sust, mas’uliyat saviyasi past, degan gaplarni ko‘p eshitamiz va hozirgacha harakat qilganlar ham harakatlari boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytadi. Ayrim hollarda O‘zbekiston hukumati bilan muzokara qila olmadik, misol uchun, maosh yuzasidan kelisha olmadik, degan shikoyatlarni eshitayapmiz, chunki o‘tgan bir yil ichida yuzlab vatandoshlar O‘zbekistonga kelib ishlashga harakat boshlagan. Maosh masalasi qanday hal qilinadi? G‘arbda topib yurgan pulingizni, O‘zbekistonda topa olmaysiz. Siz mana shu borada qanday qarorga keldingiz? Ya’ni moliyaviy qaror, oilangiz bor, tirikchilik qilish kerak.

Otabek Nazirov: – Bu masalani hal qiladigan har xil yo‘llari bor. Bu jarayon o‘z tajribamdan o‘tdi. Masalan, Amerika bilan O‘zbekistonni solishtiradigan bo‘lsak, turmush darajasi degan tushuncha bor. Amerikada hayot juda ham qimmat. Bor ishlagan pulingizning hammasini ijaraga to‘laysiz, tibbiy sug‘urtaga to‘laysiz, mashina ijarasiga to‘laysiz, kredit olasiz, tamom. Vatanda vaziyat boshqacha. Menimcha, ana shu ekvivalentni o‘rganib chiqqanda bu yerda beriladigan pul Amerikadagiga mos kelishi mumkin.

Navbahor Imamova: – Ya’ni bu yerda ham bemalol tirikchilik qila olasiz…

Otabek Nazirov: – Ha. Hozirda shu masalani hal qilishga, yaxshi mutaxassislarga yaxshi oylik berishga qaratilgan fond tashkil etayapmiz. Buni hozir o‘rganib chiqayapmiz, bir, ikki, uch oy ichida shu fondga turli manbalardan pul to‘planadi. Yana bir gap aytaman, agarda Vatanga qaytib, faqat pul masalasini o‘ylayotganlar bo‘lsa, unda bo‘lmaydi. Vatanga qaytish masalasi boshqa-boshqa. Vatanga xizmat qilish kerak. Men 25 yil bu kunni kutganman, bu yilni kutganman. Fidoyilik degan tushuncha bor. 24 soat yetmaydi bizga, ertalab soat 9:00 da ishga keldikmi, kechasi soat 12, 1 gacha ishlaymiz. Hech kim bizni qulog‘imizdan bu yerda ushlab turmaydi. O‘zimning niyatim bor, chunki vazifalar ko‘p, hujjatlar, qaror va qonunlar loyihasini tayyorlaymiz. Bugun qilayotgan ishimizning ertaga juda katta ta’siri bo‘ladi. Men qanday qilib uxlashim yoki pulimni sanashim kerak?! Bu yerda kelajakni yaratish haqida qayg‘urish lozim. Biz o‘zimizdan ancha ustun turadigan jarayonning bir qismimiz. Joriy hukumat, davlat rahbari bizga ana shu imkoniyatni berib turibdi. Istagan g‘oyangizni stol ustiga tashlab, munozara qilib, fikringizni himoya qilib, amalga tatbiq etishingiz mumkin. Bu borada hech qanday cheklovlar yo‘q. Bu menga kuch bag‘ishlaydi.

Navbahor Imamova: – Yuqorida kelajak haqida ertaga yoki indinga nima bo‘ladi, deb o‘ylanavermang, dedingiz. Masalan, qisqa muddatga kelib, ishlab ketmoqchi bo‘lganlarga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?

Otabek Nazirov: – Bu juda ham yaxshi, hamma narsani tashlab, ko‘chib kelib emas, bir oy, besh oy, bir yil bo‘lishi mumkin, xizmat qilsa bo‘ladi. Chunki hozir bizning vazirligimizda loyihaviy ishlar joriy qilinmoqda, ular qisqa muddatli bo‘ladi.

Masalan, ma’lum bir strategiyani yaratish yoki loyihani boshlash kabi. Hozir, YUNЕSKO, YUNISЕF, Jahon banki bilan ishlayapmiz, ana shu loyihalarga ham kelib yordam berish mumkin.

Navbahor Imamova: – Aytib o‘tganingizday, Prezident tomonidan hozir ikki masala – birinchisi, shu tizimni rivojlantirish uchun qisqa muddatda qilish mumkin bo‘lgan ishlar, ikkinchisi, strategik masalalarga e’tibor qaratish vazifasi berilayapti. Mana siz qisqa muddatda vazir o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonda xalq ta’limi saviyasini oshirish uchun nimalar qilishingiz kerak? Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Hozir qanday o‘zgarishlar qila olasiz?

Otabek Nazirov: – Mavjud muammolarni ko‘rib chiqishga yondashuv ham ikki xil bo‘ladi. Shunday muammolar borki, ular qonunlarga o‘zgartirish kiritish, boshqa vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash, o‘zgarishlarni mamlakat bo‘ylab joriy qilishni talab etadi va uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘ladi. Boshqa tur muammolar esa o‘z qo‘limizda qisqa muddatda hal etilishi mumkin. Hozir biz mana shu qisqa muddatli masalalarni o‘rganib chiqmoqdamiz. Qanday qilib o‘qituvchining hayoti, kasbiy faoliyatini osonlashtirish, rivojlantirish mumkinligini o‘ylayapmiz. Hozir shu muammolarni davlat tomonidan e’lon qilayotganimizning o‘zi katta gap. Aytganimizdek, o‘qituvchilarning obro‘si, hurmatini, oyligini ko‘tarishimiz kerak. Ayni paytda bunga qanday qilib tez yechim topish mumkinligini o‘rganib chiqayapmiz. Uzoq viloyatlarda ahvollari ayanchli, e’tibor qilinmagan, investitsiya kiritilmagan maktablar bor. Bularni ham tez tuzatish mumkin.

Navbahor Imamova: – O‘zbekiston hozir o‘z imkoniyatidan ham tashqarida bo‘lgan, ambitsiyaga to‘la islohot dasturi bilan chiqdi, degan qarash bor xalqaro hamjamiyatda. Eplay olarmikan shuncha islohotlarni amalga oshirishni, o‘ziga o‘zi juda katta va’dalar berib yubormayaptimikan, degan savollar bor. Siz ularga nima degan bo‘lardingiz?

Otabek Nazirov: – Avvalo har bir odam o‘ziga baland-baland rejalar qo‘yishi kerak. Agar shu yo‘lga intilmasangiz, bu yo‘lning yarmiga ham yeta olmaysiz. Lekin harakatni boshlashdan oldin bilishingiz kerak, shu harakatning natijasiga yetish uchun ko‘p faktorlar bo‘ladi. Agar biror faktor yetishmay qolsa ham, harakat qilaverish kerak. Men o‘z tajribamdan kelib chiqib aytaman, nimagaki yetisholmagan bo‘lsam, oxirigacha qat’iy harakat qilmaganman. Shuning uchun ham rejalarimizni baland qo‘yib, tez ishlashimiz kerak. Aytib o‘tganimdek, hozir kunda 24 soat yetmayapti. Chunki shunday muammolar ko‘pki, birlashib, komanda bo‘lib ishlasak, rejalarimizning 10-20 foiziga erishsak, shu ham katta yutuq bo‘ladi. Bundan qo‘rqish kerak emas.

Navbahor Imamova: – Mana hozir komanda haqida gapirdingiz. Amerikadagi komanda bilan O‘zbekistondagi komanda o‘rtasida qanday farq bor, deb mendan so‘rashdiki. Mening javobim shunday bo‘ldiki, har ikkisida ham bir yoqadan bosh chiqara olishingiz kerak. Komandangiz, hozir ishongan odamlaringiz bormi?

Otabek Nazirov: – Ha, albatta. Komandani tuzish oson emas, chunki odamlar bir-biri bilan ishlashga o‘rganishi kerak. Komanda degani – tajriba va ishonch. Odamlar birga ishlaganda bir-birlarini yarim so‘z, hatto so‘zsiz ham tushunganda samara bo‘ladi. Har bir rahbar o‘z komandasini aynan shu vosita yordamida torta oladi, chunki tushunish bor. Misol uchun, vaqt bersangiz, shu rahbar boshqa komandani ham yig‘ishi mumkin. Komandani yig‘ib, chetga chiqib, yangi rahbar qo‘yib davom ettiraveriladi. Bu bir komanda boshqasidan ustun. degani emas. Jahon chempionatida ham ko‘p komandalar chiqadi, har komandaning o‘z stili bor. Eng asosiysi, ular qancha vaqt birga ishlagan? Samara ana shunda bo‘ladi. Komandani tuzishga vaqt kerak.

Navbahor Imamova: – Va siz hozir shu bilan bandsiz?

Otabek Nazirov: – Ha, men hozir komandamga o‘zim tanigan, ko‘p yillar ishlagan xodimlarni taklif qilayapman. Asta-sekin o‘rganib chiqayapmiz, niyat shu komandani o‘stirish.

Navbahor Imamova: – Hozirgacha olgan asosiy sabog‘ingiz nima bo‘ldi? Shu kungacha nimalarni bilmas ekansiz O‘zbekiston haqida?

Otabek Nazirov: – Bir narsani aytishim mumkin, buni fakt desa bo‘ladi: bu davlatning ishlash mexanizmi, har bir mashinaning (davlat ham bir katta mashina), har bir tizimning o‘z odatlari, protokollari bo‘ladi. Men bularni bilmas edim. Bu fakt. Asta-sekin o‘rganib chiqayapman. Bu ham katta tajriba men uchun. Chunki bu xususiy sektordan butunlay boshqa narsa.

Navbahor Imamova: – Omad sizga, katta rahmat!

Otabek Nazirov: – Rahmat!


O'zA
4 129