O‘zA O`zbek

06.04.2018 11:11 Chop etish versiyasi

Rahbar namuna bo‘lsa.....

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari, tomorqadan samarali foydalanishda rahbar xodimlar namuna ko‘rsatayotgani e’tiborlidir.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 4 ming 313 gektar tomorqa yer mavjud. Hududda yerlardan unumli foydalanish, tomorqaga ekin ekish ishlari maxsus ishchi guruh tomonidan nazoratga olingan.

Ishchi guruhning o‘rganish ishlari, avvalo, tuman hokimligi mutasaddilari, kollej va maktab direktorlari, qishloq vrachlik punkti mudirlari, korxona-tashkilot rahbarlari xonadonlaridan boshlandi. Barcha xonadonlarda tomorqaga ekin ekilgan, dehqonchilik ishlari ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi.

29-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri, Chag‘atoy mahallasida yashovchi O.Qayumov xonadonida issiqxona tashkil etilgan. Ayniqsa, kartoshka allaqachon gulga kirgani xonadon sohibining nafaqat malakali shifokor, balki mirishkor dehqon ekanidan ham dalolat beradi.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ayrim mahallalarda tomorqasidan unumli foydalanish u yoqda tursin, umuman, qarovsiz qoldirgan xonadonlar ham borligi aniqlandi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi mahalla hududida 81 gektardan ziyod tomorqa mavjud bo‘lsa-da, aksariyat xonadonlarda ekin-tikin ishlariga hali-hamon kirishilmagan. Jumladan, Bekzod Toshevga tegishli tomorqa qarovsiz holda, Maysara Sheraliyevaning 8 sotixli tomorqasida bugunga qadar ekin ekilmagan. Umuman, mahallada ekin ekish ishlarini oxiriga yetkazmagan xonadonlar ko‘p.

To‘g‘ri, bu yerdagi aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri yerning sho‘rlanish darajasi yuqoriligidir. Fuqarolarning aytishicha, garchi hududda yer osti qudug‘i hamda nasos o‘rnatilgan bo‘lsa-da, uning samarali ishlashiga mutasaddilar tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.

Mahalladagi xonadonlarni o‘rganish chog‘ida yuqori kuchlanishli liniyaga ega simyog‘ochlar ayanchli holatda ekani ishchi guruh e’tiborini tortdi. Shuhrat Qilichev xonadoniga o‘rnatilgan shunday simyog‘ochlardan biri shu darajada omonat turibdiki, sal shamol bo‘lsa, qulab ketishi hech gap emas. Sababi, tayanchning beton ustunga jipslashtirilgan qismi chirib bitgan. Shuningdek, qo‘shni hovlida o‘rnatilgan simyog‘ochning yuqori qismi qisqa tutashuv oqibatida yonib ketgan.

Hududga biriktirilgan sektor rahbari tomorqalar bilan bog‘liq yuqoridagi vaziyatni yaxshilashga, simyog‘ochlar masalasiga alohida e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi.

Darvoqe, sektorlar tomonidan samarasiz foydalanilayotgan tomorqa yer egalariga nisbatan ko‘rilayotgan choralar ham talab darajasida emas. Joriy yilning 31 mart holatiga qadar sektorlar tomonidan tomorqalarning qariyb 90 foizi o‘rganilgan. Garchi, aksariyat xonadonlarda kamchiliklar mavjudligi yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, birorta tomorqa egasi uchun yer solig‘ini 3 barobar ko‘p hisoblash yoki yillar davomida uy qurilmagan, tomorqadan samarali foydalanilmagan yerlarni tuman zaxirasiga qaytarish choralari ko‘rilmagani fikrimiz tasdig‘idir.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 722