O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Rag‘bat muvaffaqiyatlarga undaydi


Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov joriy yilda Olimpiya sport turlari bo‘yicha xalqaro va nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchi yoshlarni munosib taqdirladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasidagi tayyorgarlik jarayonlari va erishilgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar ularning ulkan zafarlariga qanot bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi sportchi yoshlarni erishgan zafarlari bilan qutlab, munosib taqdirladi. Joriy yil Osiyo va jahon chempionatlarida g‘alabaga erishgan sportchi yoshlar asosan Navoiy ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, yakka kurash turlariga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “So‘g‘diyona” sport majmuasi tarbiyalanuvchilaridir. Ular orasida mahoratli og‘ir atletikachi Kumushxon Fayzullaeva ham bor. 

– Koreyaning Pxenyan shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 1-o‘rinni, Belarus Respublikasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi Kumushxon Fayzullaeva. – Asosiy maqsadim bo‘lajak musobaqalarda qimmatli ochkolarni jamg‘arib, Tokio Olimpiadasi uchun litsenziyani qo‘lga kiritish. Buning uchun doimiy mashg‘ulotlar olib borib, jismoniy imkoniyatimdan samarali foydalanaman.

Sportchi yoshlar qatorida joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Innoweek – 2019” innovatsion g‘oyalar haftaligida “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan Humoyun Haydarov ham munosib taqdirlandi. Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olayotgan yosh ixtirochi joriy yil Janubiy Koreyaning Donxe shahrida bo‘lib o‘tgan “Grand Donxe Challenge” robototexnika olimpiadasida “Aqlli tibbiyot qutichasi” loyihasi bilan ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 190 ta davlat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “First Global Challange” robototexnika musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi sardori sifatida qatnashib, “Eng mustahkam robot” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

1 386
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA