O‘zA O`zbek

17.08.2018 20:09 Chop etish versiyasi

Rag‘bat ijodkorga ilhom bag‘ishlaydi

“Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovda viloyatda samarali ijod qilib kelayotgan ijodiy tashkilotlar vakillari, shoir-yozuvchilar, tasviriy san’at ustalari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Ohangaron shahar madaniyat va istirohat bog‘ida bunyod etilgan muhtasham amfiteatr binosining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirga ulanib ketgan taqdirlash marosimida O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar mamlakatimizda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush va mehnat sharoiti yaratish, iste’dodini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari nominatsiyasida g‘oliblikni “Shashmaqom” yo‘nalishidagi “Safti Sarvinoz” badiiy asari uchun Ne’mat Arslonov qo‘lga kiritdi. Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari nominatsiyasida “Mash’al” gazetasi katta muxbiri Otabek Isroilov, tasviriy san’at, foto va dizayn nominatsiyasi bo‘yicha somondan ajoyib san’at asarlari yaratib kelayotgan Jasur Jumayev birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Shuningdek, qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
1 731