O‘zA O`zbek

16.08.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Quyosh energetikasi sohasida eng yirik investitsiya loyihasi

Quyosh energetikasi sohasida eng yirik investitsiya loyihasi
Joriy yil 26 avgusta kuni poytaxtimizda “SkyPower Global” kompaniyasining mamlakatimizdagi ofisi uchun xodimlarni saralash maqsadida ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkaziladi. Mazkur tadbir O‘zbekiston hukumati, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va “SkyPower Global” o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning ilk bosqichi sifatida tashkil etilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 28 apreldagi “Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston hukumati va “SkyPower Global” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, ushbu kompaniya 1,3 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yo‘li bilan keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishni boshlash arafasida. Loyiha doirasida 1 000 MVt umumiy quvvatdagi quyosh energiyasi ishlab chiqarish obyektlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Davlat-xususiy sheriklikning muvaffaqiyatli namunalaridan biri bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirilgach, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida O‘zbekistondagi barcha energiya manbalari umumiy ishlab chiqarish quvvatining qariyb 10 foizi miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2030 yilga qadar Parij iqlim kelishuvi talablarini bajarish hamda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha minglab ish o‘rinlarini yaratib, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotiga 2,9 milliard dollar miqdorida hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 406