O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Quyosh batareyasi muammoga yechim boʻldi

Quyosh batareyasi muammoga yechim boʻldi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani “Doʻstlik” mahallasida joylashgan “Sanjar Joʻrayev” fermer xoʻjaligi dala shiyponiga quyosh batareya panellari oʻrnatilishi bilan elektr energiyasi isteʼmoli qariyb olti baravarga kamaydi.

“Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish davlat siyosatining hozirgi bosqichdagi dolzarb yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolishi lozim”, - deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida.

Energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, respublikada muqobil energetikani joriy etilishini va ularni keng targʻibot ishlarini tashkil etishda “Oʻzenergoinspeksiya” faol ishtirok etib kelmoqda. Bunda xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganib, ijobiy natijalarni hisobga olgan holda energiya samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani “Doʻstlik” mahallasida joylashgan “Sanjar Joʻrayev” fermer xoʻjaligining umumiy yer maydoni 100 gektar boʻlib, shundan 19,5 gektari paxta maydoni, 70,5 gektari gʻalla maydoni, 10 gektari esa bogʻdorchilik maydonlaridan iborat.

Fermer xoʻjalik tomonidan ishchi xodimlarga yetarli shart-sharoitlar yaratish, qishloq xoʻjalik texnikalarini saqlash uchun 20 sotixdan iborat maydonga dala shiyponi qurilgan ekan.

- Shiyponga “svet” tushirish xarajatlari hisob-kitoblariga koʻra, taxminan 24,5 million soʻm mablagʻ sarflashimiz kerak edi, - dedi tadbirkor Sanjar Joʻrayev. - “Oʻzenergoinspeksiya”ning Sirdaryo hududiy boʻlimi xodimlari tavsiyalari bilan quvvati 1,5 kVt li quyosh panellarini oʻrnatish anchagina samara berishi, masalan, sarflarim sal kam olti barobarga kamayishi maʼlum boʻldi.

Tadbirkorning hisob-kitoblariga koʻra, agar mazkur dala shiyponini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun elektr uskunalardan foydalanganda, yaʼni oʻrtacha quvvati 25 kVa transformator punkti 15 million soʻm, 0,1 km 10 kV havo elektr tarmogʻi 1,8 million soʻm, 3 dona 10 kV temir beton ustunlar 3 million soʻm, 1 dona 10 kV ajratgich (RLND) 1,5 million soʻm, elektr taʼminoti ishchi loyihalarini ishlab chiqish 1 million soʻm, quruvchi ish haqi 1 million soʻm, izolyator 1,2 million soʻm, jami 24,5 million soʻm atrofida boʻlgan xarajatlar hamda elektr energiyasiga boʻlgan toʻlovlar fermer xoʻjaligi iqtisodiga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmas edi.

Fermer xoʻjalik mablagʻlari hisobidan jami 3,8 million soʻm mablagʻ evaziga oʻrnatilgan quyosh batareyasi panellari yordamida bugungi kunda dala shiyponida uzluksiz elektr energiyasi mavjud boʻlib, ishchi va xodimlar undan beminnat foydalanmoqdalar.

Maʼlumot uchun, quyosh energiyasidan foydalanish bilan tadbirkor oʻz mablagʻlaridan oʻrtacha 20,7 million soʻm tejashga va tekin elektr energiyasidan foydalanishga erishdi.

Jahongir Usmonov,
“Oʻzenergoinspeksiya“ Sirdaryo hududiy boʻlimi boshligʻi

3 471
OʻzA