O‘zA O`zbek

17.07.2018 18:27 Chop etish versiyasi

Quyi Chirchiqda “Yosh tadbirkorlar” kovorkingmarkazi,14 “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi barpo etilmoqda

Quyi Chirchiqda “Yosh tadbirkorlar” kovorkingmarkazi,14 “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi barpo etilmoqda
Gulnoza Toshtemirovani mahalladoshlari mohir dizayner, qo‘li gul tikuvchi, deb alqashadi. U tashkil etgan tikuv sexida Gul mahallasining 30 chevari tomonidan bolalar va erkaklar uchun 10 dan ortiq turdagi kiyim-kechaklar tayyorlanmoqda. E’tiborlisi, mahsulotlarning 20 foizi “Made in Uzbekistan“ brendi ostida Tojikiston Respublikasiga eksport qilinayotir.

– 12 tikuvchi bilan chog‘roqqina tikuv sexida faoliyat yuritayotgan edik, – deydi Gulnoza. – Shu bois, anchadan buyon ishlab chiqarishni kengaytirishni o‘ylab yurgan edim. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ishchi guruhi a’zolari kelib faoliyatimizni kengaytirish bo‘yicha imtiyozli kredit taklif qildi. Qariyb 50 million so‘mlik kredit evaziga 14 zamonaviy tikuv mashinasi, bichish va dazmollash dastgohlari oldik. 14 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida Quyi Chirchiq tumanida Gulnoza singari shijoatli 116 nafar yoshga 2,3 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 1 ming 239 yoshning bandligi ta’minlandi.

5.JPG

Yoshlarning faol biznes bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha dastlab poytaxtning Chilonzor tumani va Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi. 2018 yil 27 iyunda Prezidentimizning “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gifarmoni qabul qilindi.

– Tumanda 102 ming aholi, jumladan, 42 mingdan ziyod yoshlar istiqomat qiladi, – deydi Quyi Chirchiq tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Shodmonov. – “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublika ishchi guruhi tomonidan 21 ming 200 ga yaqin xonadonga kirilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 27 ming 400 dan ortiq yoshlarning qiziqish va muammolari o‘rganildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganish jarayonida yoshlarni qiynab kelayotgan 1 ming 500 dan ortiq muammo aniqlanib, ularning 1000 dan ziyodi joyida hal etilgan. Ishsizligi aniqlangan 6 ming 300 dan ortiq yoshning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Nogiron va imkoniyati cheklangan 23 yoshga aravacha topshirilib, 114 nafariga respublika tibbiyot muassasalarida davolanish uchun yo‘llanma berilgan. Yoshlarning chorvachilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi, issiqxona tashkil etishi uchun 402 gektar yer ajratilgan. Tumandagi 37 mahallaning 13 tasi “og‘ir”, 18 tasi “qoniqarsiz” va 6 tasi “qoniqarli” toifaga ajratilib, ularni bosqichma-bosqich “yaxshi” toifasiga o‘tkazish bo‘yicha manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, tuman yoshlarining bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka oid takliflarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi“ ishlab chiqilgan.

Ayni paytda tumanda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon ijrosi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman hokimligi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz“ jamg‘armasi tashkil etilib, byudjet mablag‘lari hisobidan 500 million so‘m ajratildi. Yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kutilayotgan ushbu jamg‘armaga yana 13 million AQSH dollari jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

– Tuman markazida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi qad rostlamoqda, – deydi Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi O.Sultonbekov. – Oydinobod mahallasida “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etildi. Iyul oyi yakuniga qadar yana 2 ta, avgust oyida esa 11 ta, joriy yilda jami 14 ta ana shunday markaz barpo etish rejalashtirilgan.

Tumanning Uchchinor mahallasida 3 mingdan ziyod aholi, jumladan, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 576 yigit-qiz istiqomat qiladi. 175 nafar yoshlar ishsiz. Ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha mahallada tikuvchilik sexi, savdo do‘konlari, novvoyxona, dorixona, sartaroshxona va avtomobillar tuzatishga ixtisoslashgan ustaxonani o‘z ichiga olgan “Yoshlar mehnat guzari”, 150 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etilayotir. Ushbu obyektlar foydalanishga topshirilishi bilan 55 yoshning bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi quyi chirchiqlik yoshlar hayotida tub burilish yasab, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yoshlarning ishtirokini kengaytirish va rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Avazbek Xudoyqulov, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA
6 263