O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Quvasoy shahrida 184 ta tadbirkorlik subyekti QQS toʻlovchi boʻladi

Quvasoy shahrida 184 ta tadbirkorlik subyekti QQS toʻlovchi boʻladi

Joriy yilning iyun oyiga qadar Fargʻona viloyati Quvasoy shahrida QQS toʻlovchilar soni 87 ta boʻlgan boʻlsa, mamlakatimiz soliq tizimiga kiritilayotgan oʻzgarishlar sabab ularning soni 184 taga yetishi kutilmoqda.

Bu haqida Quvasoy shahar Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan seminarda maʼlum qilindi.

Tadbirda shahardagi davlat idoralari rahbar va masʼul xodimlari, fermer xoʻjaliklari, benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz yoqilgʻi quyish shoxobchalari vakillari, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.

Respublikamizda olib borilayotgan soliq islohotlari, xususan, yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga koʻra, kiritilayotgan oʻzgarishlar, shu bilan birga, Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyati xususida mutaxassislar tomonidan zarur axborotlar berildi.

Maʼruzachilarning taʼkidlashicha, farmon mamlakatimizda 2018-yil iyun oyidan buyon amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining ikkinchi bosqichi boʻlib, barcha uchun adolatli soliq tizimi yaratilishiga, bir-biriga bogʻlangan QQS zanjiri paydo boʻlishiga sabab boʻladi.

Farmonga koʻra, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab, benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar hamda tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, ushbu tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushadigan tushumning miqdoridan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi.

– Farmon talablari asosida 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab shahrimizda QQS toʻlash tartibiga oʻtadigan tadbirkorlik subyektlarining roʻyxati shakllantirildi, – deydi Quvasoy DSI boshligʻi Nazirjon Polvonov. – Unga asosan yana 97 ta tadbirkorlik subyektlari – 40 ta yagona yer soligʻi toʻlovchilari, 15 ta AYOQSH hamda 42 ta import faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlar QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatga olinadi. Ayni kunga qadar ularning barchasi bilan individual ravishda uchrashildi, farmon mazmun-mohiyati tushuntirildi.

– Men koʻp yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkor sifatida aytishim mumkinki, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, biz tadbirkorlarni toʻgʻri, halol ishlashimiz uchun imkoniyat yaratadi, – deydi Quvasoy shahridagi “Munis fayz mebellari” xususiy korxonasi rahbari Aʼzamjon Qosimov. – Misol uchun, 2019-yil 1-oktyabrdan QQS boʻyicha qator imtiyozlarning bekor boʻlishi, koʻpchilikning QQS toʻlash tartibiga oʻtishi barcha uchun adolatli soliq tizimini yaratishga xizmat qiladi, barcha uchun teng imkoniyatlar, teng raqobat muhiti yaratib beradi. Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqqa koʻra, QQS stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar tadbirkorga qoʻshimcha imkoniyatlar beradi. Oʻylashimcha, bunday jarayon iqtisodiyotning soyadan chiqishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, seminarda 2019-yil 6-sentyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni ham muhokama etilib, unga koʻra, savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va naqd pulsiz shaklda amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega boʻlgan maʼlumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalar onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etiladi.

Tadbirkorlik subyektlari onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan taqdirda qator qulayliklar va imkoniyatlar berilishi maʼruzachilar tomonidan taʼkidlandi.

Bundan tashqari, sentyabr oyi boshida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi eʼlon qilinganligi, unga muvofiq, 2020-yildan boshlab biznes subyektlari asosiy vositalarni bir martalik hisobga olish va QQS boʻyicha ortiqcha miqdorni qaytarish huquqiga ega boʻlishi haqida mutaxassislar tomonidan axborot berildi.

2 487
M.SULAYMONOV, OʻzA