Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 12:03 Chop etish versiyasi

Qutqaruvchilar tayyorlash tizimi takomillashmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmasi zamonaviy avariya-qutqaruv texnikasi va uskunalari, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha puxta tayyorgarlikka ega yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Ayni paytda qutqaruvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-iyundagi "Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, qutqaruvchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yangi mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Oripovning ta’kidlashicha, Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligi ko‘p jihatdan uning tarkibidagi tashkilotlar xodimlarining bilimi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga bog‘liq. Ko‘p hollarda hatto innovatsion avariya-qutqaruv uskunalari ham yuqori malakali qutqaruvchining tajribasi, malakasi va ichki sezgisi o‘rnini bosa olmaydi. Shuningdek, barcha qutqaruv otryadlarini maxsus avtomobil, avariya-qutqaruv asboblari va moslamalarining zamonaviy modellari bilan muntazam ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Mamlakatimizda FVV uchun xodimlar tayyorlash tizimini takomillashtirish ham dolzarb ahamiyatga ega. Shu maqsadda kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida yangi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim berish joriy etildi.

Hozirgi kunda Samarqand axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji, Olmazor politexnika kasb-hunar kolleji va Chingeldi maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida "qutqaruvchi-haydovchi", "qutqaruvchi-g‘avvos", "yo‘riqchi-dezinfektor", "gaz qutqaruvchisi" kabi mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, joriy yildan FVV va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Namangan davlat universiteti, Andijon mashinasozlik institutida "Hayot xavfsizligi" bo‘yicha bakalavr mutaxassislar tayyorlanadi.

Ta’limni davom ettirishni istaganlar uchun FVV Fuqaro muhofazasi institutida "Favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligi" ixtisosligi bo‘yicha magistratura bo‘limi ochildi. Bu bo‘lajak qutqaruvchilar tayyorlashning barcha bosqichlari va ularda kasbga oid ko‘nikmalarni shakllantirish jarayonini to‘la qamrab olish imkonini berdi. Endi FVV ga ishga qabul qilish jarayonida nomzodlar orasidan kasb-hunar kolleji va oliy ta’lim muassasasini aynan shu yo‘nalishda bitirgan mutaxassislarga alohida e’tibor beriladi.

– Ushbu o‘quv yilidan boshlab FVV va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi uchun "Hayot xavfsizligi" yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti kafedra mudiri M.Musayev. – Buning uchun yangi o‘quv rejalari, darslik hamda o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqildi. Kafedra va FVV Fuqaro muhofazasi instituti o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu mashg‘ulot davomida FVVning boy moddiy-texnik bazasi – noyob o‘quv qo‘llanmalari, manekenlar va simulyatorlardan foydalanish imkonini beradi. O‘quv jarayonida FVV xodimlari ham faol ishtirok etadi. Tajribali qutqaruvchilar tomonidan talabalar uchun seminar mashg‘ulotlari olib boriladi, ekskursiyalar uyushtiriladi va suhbatlar o‘tkaziladi.

FVV hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga a’zo tashkilotlar uchun mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish mamlakatimizdagi barcha qutqaruv bo‘linmalari faoliyati samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
832






Все о погоде - Pogoda.uz