O‘zA O`zbek

23.06.2020 Chop etish versiyasi

“Qush uyasida koʻrganini qiladi” yoxud kitob mutolaa qilishni avval oʻzimizdan boshlashimiz kerak emasmi?

“Qush uyasida koʻrganini qiladi” yoxud kitob mutolaa qilishni avval oʻzimizdan boshlashimiz kerak emasmi?

Prezidentimiz tomonidan olgʻa surilgan besh tashabbus asl maqsadi haqida qancha koʻp gapirsakda, koʻpchilik buni hali yaxshi anglab yetmagan koʻrinadi. Farzandini oʻqishiga eʼtibor bermaydigan, beparvo ota-onalar afsuski oramizdan butunlay yoʻqolganicha yoʻq. Sovchilikka borganda mana shu 2,3 yildan buyon savol berishmoqda “Qizingiz qaysi oliy oʻquv yurtini tamomlagan?” deya. Qiz bola oʻqimishli boʻlishi shart emas, u yaxshi ona, mehribon rafiqa, iboli kelin boʻlishi kifoya, deyishadi. Boshqalari esa kuyov oʻqimagan boʻlsa ham, qoʻlida hunari bor, uyim-joyim deydigan boʻlsa, deb qoʻyishadi. Balki ular haqdir, ammo kelajakda farzand tarbiyasi qanday boʻlarkan? Bolalar albatta har doimgidek sersavol, qiziquvchan boʻlishadi. Ular har bir savoliga toʻgʻri va aniq javob olishmasa, biz ularga oʻrnak boʻlmasak, kim boʻladi? Shu yerda bolalar shirinligi reklamasi yodimga tushdi. “Sening qahramoning kim”, degan savolga “Boburning oyisi”, deb javob beradi. Nima deb oʻylaysiz, nega oʻz farzandimiz uchun biz qahramon emasmiz? Ularga bolalik chogʻidanoq avvalo ota-ona, doʻst, sirdosh va eng ishongan insonlari boʻlishimiz kerak. “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, deydi dono xalqimiz. Demak, kitob mutolaa qilishni biz oʻzimizdan boshlashimiz zarur.

Bir kuni mehmonga bordim, qarindoshimiz men kutubxonada ishlaganim uchun koʻp kitob oʻqigansiz, deb savol berdi. “Qizlarim qoʻlidan telefon tushmaydi, har qanaqasiga jazolab koʻrdim, uyali aloqa telefonini olib ham qoʻydim, lekin tasir qilmayapti, nima qilsam boʻladi?” deb qoldi. Men “Siz serial koʻrishdan boʻshamasangiz, qizlardan nimani kutyapsiz?” degim keldiyu andisha qilib indamadim. “Qoʻllariga qiziqarli kitob bering”, deb qoʻyaqoldim. Keyin ancha oʻylandim. Barchasiga oʻzimiz aybdormiz, farzandlar hech kimdan kam boʻlmasin, deb nima soʻrasa, olib berib, asosiy burchimiz nimada ekanligini unutib qoʻyamiz. Mutolaa qanchalik foydali ekanligi haqida koʻp gapirilyapti, targʻibot-tashviqot ishlari olib borilyapti, ijtimoiy roliklar suratga olinmoqda, teledasturlar namoyish etilmoqda, eng asosiysi, tanlovlar uyushtirilmoqda. Mutaxassislarimiz tomonidan kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida siz ota-onalarning ham oʻrningiz bor albatta. Bir tomondan biz kitob mutolaasiga jalb qilsagu, ikkinchi tomondan siz beparvo boʻlsangiz, buning natijasi har doim ham ijobiy boʻlavermaydi.

Shunday ekan, aziz ota-onalar farzandingiz taqdiriga befarq boʻlmang, ular bilan faxrlanishingiz, yuksak marralarga erishishlari uchun nima kerakligini sizdan yaxshiroq biladigan inson yoʻq. Oilaviy kitob mutolaa qiling. Mana koʻrasiz, bu albatta oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatadi.

Madina Mavlonova, Toshkent shahar 
“Bilim” axborot-kutubxona markazi mutaxassisi

7 990
O'zA