O‘zA O`zbek

10.08.2020 Chop etish versiyasi

“Quruvchi” soʻzining ohangidan kelajak ovozi eshitiladi

“Quruvchi” soʻzining ohangidan kelajak ovozi eshitiladi

Insoniyatning ilk qurgan – bunyod etgan binosi uy boʻlgan. Uy, boshpana, vatanning bir boʻlagi, aziz ostona ramzi boʻlgandir ilk inshootlar ham. 

Dunyoda Misr ehromlari, mashhur minoralar, koʻpriklar mavjud, ammo ularning asrlar davomida qad rostlab turishi asosida mohir meʼmorlarning, usta quruvchilarning zahmatli mehnati yotadi. Aslida, “QURUVCHI” soʻzining ohangidan kelajak ovozi eshitiladi. Bu istiqbol degani, bu kelgusi kunlardan umid degani. Negaki, quruvchi bunyod qilish bilan, yaratish bilan mashgʻul kasb egasidir. Uning aʼmolida borni yoʻq qilish, barbod qilish yoʻq, buzish yoʻq. Balki tuzish, tiklash bor.

Shu oʻrinda xalqimiz xulqidagi bir fazilatga toʻxtalib oʻtsak. Bu ham boʻlsa, oʻzbek xalqining tomiridagi qurishga, bunyod etishga boʻlgan ishtiyoq, soʻnmas shijoatdir. Tarixdan maʼlumki, oʻzbek xalqi qanday davrda, sharoitda boʻlmasin, hamisha yaratgan, hamisha obod qilishga oʻzida ragʻbat sezgan.

Bobomiz Amir Temur quruqlikning oltidan birini zabt etib, oʻz davrida eng katta davlatni tuzgan boʻlsa, hamisha bunyodkorlik ishlariga alohida eʼtibor qaratgan. U masjid va madrasalar, saroylar, ulugʻ zotlarning qadamjosi va qabrlariga meʼmoriy yodgorliklar qurib, qaysi manzilda boʻlmasin, oʻzidan yaxshi nom va iz qoldirgan. Uning “Bizning kimligimizni bilmoqchi boʻlsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”, degan mashhur soʻzlari bejizga aytilmagan. Temur va temuriylar tomonidan barpo etilgan binolarning jahon madaniy yodgorliklari sifatida eʼtirof etilganini har safar eshitganimizda ulugʻ bobomizning yuqoridagi soʻzlarini tinglagandek boʻlamiz.

Ana shu tarixiy qadriyat va anʼanalar bugungi kunda bardavomdir. Sababi, xalqning botinida yaratish, obod etish fazilati ustunlik qiladi.

2017-yildan to shu kungacha oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston diyori ulkan qurilish maydoniga aylandi, desak xato boʻlmaydi. Mohir meʼmorning ziyrak koʻzlari chizgan tarhlar asosida quruvchi qoʻli bilan, bunyod etilgan va etilayotgan koʻp qavatli uylar, davlat idoralari, maktab va bogʻchalar, koʻpriklar, poytaxtimizda bunyod qilingan bir necha yoʻnalishdagi metro inshootlari barchamizning koʻz oldimizda sanoqli kunlarda barpo etilmoqdaki, buning guvohi, foydalanuvchisi, bevosita ishtirokchisi boʻlgan har bir yurtdoshimiz bunday oʻzgarishlardan beixtiyor faxr tuyadi.

Qurilish sohasida keyingi uch yilda amalga oshirilgan ishlar xususida butunlay yangi davr boshlandi, yangi Oʻzbekiston quruvchisining tamomila yangi avlodi shakllandi. Bemisl imkoniyatlar mamlakati boʻlgan mamlakatimiz qurilish sohasining shu qadar katta manbasi, mahoratli, tajribali mutaxassislari borligiga bir qarashda ishonging kelmaydi, kishi. Negaki, oldinlar qurilishi yillab choʻzilib yotadigan binolar, koʻpriklar hozirgi kunda bir necha oylarda bitib ketayotganini koʻrib ich-ichingdan qoniqish sezasan.

Amir Temur ordenli Termiz shahriga biror ikki-uch yildan buyon kelmagan kishi, shaharni birdaniga tanimay qoladi, desam mubolagʻa emas. Shaharda keyingi yillarda barpo qilingin koʻp qavatli turar joylar, yangidan qurilgan maktab va bogʻcha binolari, zamonaviy andozadagi turli binolar, yashillikka burkangan bogʻ-rogʻlar yangi Termizni butun boʻy-basti bilan namoyon qiladi.

– Bugungi kun quruvchisining oldiga davr tamoman yangi talablarni qoʻymoqda, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan quruvchi Boynazar Elomonov. – Bu talablar, avvalo, shaffoflik, halollik, ayni paytda oʻz kasbining ustasi boʻlishda koʻrinadi. Viloyatimiz shart-sharoitini, xalqimiz ehtiyojini hisobga olgan holda Prezidentimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar biz, quruvchilarga katta imkoniyat, oʻzimizni namoyon qilish uchun muhim palladir. Viloyatimizda barpo etilgan yuzlab qurilish obyektlarining har birida ana shu tamoyilga asoslanib ish koʻrilmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Bir quruvchi sifatida aytamanki, bunyod etilayotgan har bir binoda, uning har bir gʻishtida Prezidentimizning qoʻl izlari bor. Buni yurakdan his qilib, tushunib bajarayotgan ishini halollik bilan amalga oshirish quruvchining zimmasidagi oliy vazifa boʻlishi lozim.

Darhaqiqat, eng ulugʻ minoralar ham ona yer koʻksidan, eng birinchi gʻishtdan qad koʻtaradi. Quruvchilarimiz uchun oldin tajribada koʻrilmagan, mohir bunyodkorlarimiz chiroyli qilib uddalayotgan inshootlar va bu ishlarning amalga oshish jarayonlari quruvchilarimiz uchun katta imkoniyatdir.

Qashqadaryolik 82 yoshli otaxon, qurilish sohasi faxriysi Jalil Noraliyevning quyidagi soʻzlari bilan fikrimizni yakunlasak:

– Bundan 25-30 yil avval odamlarimiz qanday sharoitda yashardi? Qanday koʻhna binolarda ishlar edi? Bir koʻz oldingizga keltiring. Oʻsha paytda ham Oʻzbekistonning paxtasi dunyoga kiyim-kechak edi. Oʻzbekning yetishtirgan noz-neʼmati dunyoni boqardi. Oltinimiz, neft-gazimiz oʻsha vaqtda ham bor edi. Lekin xalqning yashashi bir ahvol edi. Bizning Qarshida 4 qavatdan baland binoni qurish mumkin emas edi. Ha, desangiz, buning uchun Moskovdan ruxsat olish kerak, deyishardi.

Bugun qanchadan-qancha obodliklar boʻlayapti. Qurilishi boshlangan joydan hafta oʻtib qayta oʻtsangiz, yangi binoni koʻrasiz. Shu yoʻlda xizmat qilayotgan quruvchilarimizga ming rahmat.

417 376
Shodmonqul SALOM, OʻzA